Harbiy tibbiyot yutuqlari bilan tanishuv

0
1187

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi Nizomda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish, uy-joy bilan taʼminlash, yashash va xizmat oʻtashning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini hamda tibbiy taʼminotni yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari ijrosini tahlil qilish hamda amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish Jamoatchilik kengashi aʼzolarining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

Shu bois, ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan Jamoatchilik kengashining bir guruh aʼzolari joriy yilning 20-yanvar kuni yangi barpo etilgan Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitaliga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev boshchiligidagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi oʻrinbosari Baxtiyor Maxmadaliyev, Kinematografiya agentligi bosh direktori birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, Oʻzbekiston Xalq artisti Afzal Rafiqov, kinorejissyor Hilol Nasimov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minxojiddin Xojimatov klinik gospitalda harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar ishchi va xizmatchilari, bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan yotoqxona, oshxona, kutubxonada boʻlib harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashdilar.

Tashrif mobaynida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolariga mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev hamrohlik qildi. Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitali boshligʻi, tibbiy xizmat polkovnigi Xudoyqul Rahimqulov mehmonlarni shifo maskani bilan yaqindan tanishtirish jarayonida bemorlarga innovatsion tibbiy uskunalar yordamida xizmat koʻrsatilayotganiga eʼtibor qaratdi. Mehmonlar klinik gospitalning shoshilinch yordam koʻrsatish, jarrohlik, magnit toʻlqinli tomografiya, rentgan, jarrohlik kabi oʻnga yaqin boʻlimida sidqidildan mehnat qilayotgan shifokorlarning ish faoliyati bilan tanishish imkoniyatga ega boʻlishdi. Aytish kerakki, gospitaldagi bemorlarga koʻrsatilayotgan oʻta yuqori xizmat darajasi koʻpchilikni hayratlantirmasdan qolmadi.

Shuningdek, Jamoatchilik kengashi aʼzolari bosh harbiy klinik gospitali hududida bunyod etilgan Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining ilk mehmonlaridan biriga aylanishdi. Taʼlim maskani boshligʻi, tibbiy xizmat polkovnigi Nosirjon Fozilov ilm-fan yutuqlarining namunasi boʻlmish tibbiyot akademiyasining imkoniyatlari oʻta yuqoriligini mehmonlarga tanishtirib oʻtdi. Milliy armiyamizga malakali tibbiy kadrlar tayyorlab berishga xizmat qiladigan oʻquv maskanining mashgʻulot xonalariga oʻrnatilgan har bir zamonaviy asbob-uskunalar Jamoatchilik kengashi aʼzolari bilan bir qatorda ommaviy-axborot vositalari xodimlarida ham katta qiziqish uygʻotdi. Akademiyada tahsil olayotgan kursantlarning oʻquv jarayonlarini puxta oʻzlashtirishi uchun yaratilgan bunday shart-sharoitlar haqiqatan ham maqtovga loyiq.

Tashrifning ikkinchi qismida Jamoatchilik kengashi aʼzolari yurtdoshlarimiz uchun issiq taom tayyorlab berish uchun Yunusobod tumani “Astrobod” mahallasida tashkil etilgan dala oshxonasiga tashrif buyurishdi.

Dala oshxonasida mehmonlar bir piyola choy ustida mahalla faollari va harbiy xizmatchilar bilan dildan suhbat uyushtirishdi. General-mayor Hamdam Qarshiyev bilan birgalikda xalq shoiri, taniqli kinorejissyor hamda boshqa ziyoli mehmonlarning dala oshxonasiga tashrifi koʻpchilik uchun kutilmagan hol boʻldi. Mahalliy yoshlar gitara joʻrligida ijro etilgan “Askar maktubi” qoʻshigʻini martabali mehmonlar bilan bir davrada tinglaganidan oʻziga xos gʻurur hissini tuyishdi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti