Harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlar

0
741

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Buxoro, Qarshi va Termiz garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida “Jinoyat jazosiz qolmaydi”, “Yongʻin xavfsizligi va is gazidan zaharlanishlar oldini olish”, “Yoʻl qoidalariga qatʻiy rioya etish” mavzularida profilaktik tadbir boʻlib oʻtdi.

Harbiy qismlarda o‘tkazilgan mazkur tadbirlar avvalida harbiy prokuror, okrug mas’ul ofitserlari, hududlardagi ichki ishlar va Harbiy avtomobil nazorati, Davlat texnika nazorati va texnika xavfsizligi boʻlimi inspeksiyasi xodimlari tomonidan soʻnggi paytlarda sodir etilgan jinoyatlar, huquqbuzarliklar to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlar berib o‘tildi.

Soha xodimlari haydovchilarimiz tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan qoidabuzarliklar va uning oqibatida kelib chiqayotgan koʻngilsiz hodisalar ortib borayotgani, buning oqibatida esa insonlar hayoti xavf ostida qolayotgani to‘g‘risida ma’ruzalar qilib, harbiy xizmatchilarni ogohlikka chaqirdi.

Bundan tashqari, tadbir davomida inson hayoti har narsadan ustun ekani, har qadamda inson oʻziga va oʻzgalarga diqqatli boʻlish lozimligi tushuntirilib, Vatan himoyachisi degan sharafli kasb egalari barchaga namuna koʻrsatishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida ulgʻaytirishda faol boʻlishi lozimligi aytildi.

Ochiq muloqotga aylanib ketgan tadbir davomida harbiy xizmatchilar ham oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati