Askarlar onalari bilan videokonferensaloqa usulida diydorlashdi

0
495

9-yanvar kuni Yangiyoʻl tumanida joylashgan harbiy qismda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida “Askar onalarini sharaflaymiz” bayram tadbiri oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi yoshlar bilan ishlash boʻlimi mutaxassisi Nargiza Asadava, Oʻzbekiston davlat satira teatri aktyori Gʻulom Ernazarov, Yangiyoʻl tuman hokim oʻrinbosari oila va xotin qizlar boʻlimi boshligʻi Nilufar Normirzayeva hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Yangiyoʻl tuman boʻlimi boshligʻi Saida Toshmatova ishtirok etdi.

Mazkur tadbir videoaloqa shaklida oʻtkazilib, unda Yangiyoʻl shahar va tumanidan chaqirilib Nukus shahrida xizmat burchini bajarib kelayotgan hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan chaqirilib Yangiyoʻl tumanida joylashgan harbiy qismda oʻz xizmat majburiyatini bajarib kelayotgan askarlar ota-onalari va yaqinlari bilan videokonferensiya usulida diydorlashdi.

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha toʻxtalib, milliy armiyamiz safida yigitlik burchini sharaf bilan oʻtayotgan muddatli harbiy xizmatchilar hamda ularning ota-onalariga chuqur minnatdorchilik bildirilib, Vatan himoyachilari yaqinlashib kelayotgan bayram bilan qutlandi. Yakunda askar ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.

Shuningdek, bu kabi onlayn uchrashuv Toshkent garnizonidagi harbiy qismlarning birida ham tashkil etildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti