Oʻzbekiston paralimpiya terma jamoasi aʻzolari harbiy qism mehmoni bo‘ldi

0
657

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahridagi harbiy qismda “Milliy armiyamiz — Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir” shiori ostida maʻnaviy-maʻrifiy tadbir o‘tkazildi. Unga Oʻzbekiston paralimpiya terma jamoasi aʻzolari hamda sovrindorlari, shuningdek, harbiy sohaga qiziqishi baland, yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oʻzini dahldor deya his qiluvchi bir guruh yoshlar ham ishtirok etdi. 

Dastlab mehmonlar harbiy qismdagi mavjud pnevmatik va panaramali oʻq otish joylari, sport shaharchasi va majmuasi bilan yaqindan tanishtirildi. “Harbiy tarix muzeyi” va “Yangi Oʻzbekiston muzeyi”dagi ekspozitsiyalari esa tashrif buyuruvchilarda katta taassurotlar qoldirdi hamda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar alohida eʻtirof etildi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar va ularning farzandlari oʻrtasida “Mening armiyam — mening faxrim!” mavzusida “Eng yaxshi tasviriy sanʻat asari” tanlovi ham o‘tkazildi.

Harbiy qism madaniyat markazida davom etgan tadbirda Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Jurʻat Yaqubov soʻzga chiqib, barcha sohalar singari Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida, xususan, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida ham salmoqli islohotlar amalga oshirilayotgani haqida maʻlumot berib o‘tdi.

Umidli va yosh xonanda Sherzod Jonibekov hamda harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan harbiy vatanparvarlik, milliy va jahon estradasiga oid kuy-qoʻshiqlari yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.

Tadbir yakunda esa tashrif buyurgan mehmonlariga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari hamda “Eng yaxshi tasviriy sanʻat asari” tanlovi ishtirokchilari diplomlar topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti