Nukus garnizonida sharafli kasb rasmlarda gavdalandi

0
646

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishiga asosan “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida amalga oshirilayotgan tadbirlar doirasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning harbiy xizmatchilari, oʻquvchi-yoshlar ishtirokida “Mening armiyam – mening faxrim” mavzusida “Eng yaxshi tasviriy sanʼat asarlari” tanlovining saralash bosqichi boʻlib oʻtdi.

Tanlovda 30 dan ortiq havaskor ijodkorlar ishtirok etib, harbiy qism kutubxonasida harbiy-vatanparvarlik mavzulari keng qamrab olingan ijodiy ishlarni rang-barang boʻyoqlarda qogʻoz sathiga tushirdi.

Sharafli kasbni rang va qalam vositasida gavdalantirishga harakat qilgan yoshlarning ishlari hayʼat aʼzolarida ham ijobiy taassurotlar qoldirdi. Ijod namunalarini baholashda mavzuga kreativ yondashuv, ijodiy mahorat inobatga olinib, gʻoliblar aniqlandi.

Eslatib oʻtamiz, tanlov har yili 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etib kelinmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati