Nuriston va Farg‘onada o‘quvchi yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

0
518

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismda keng qamrovli “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Yoshlarda milliy armiyamiz qudratidan gʻurur hissini oshirish, tinchlik degan buyuk neʼmatni qadrlash kabi ezgu maqsadlarga qaratilgan tadbirga Nishon tumanining 10 dan ortiq maktablaridan 300 ga yaqin yuqori sinf oʻquvchilari jalb etildi.

Saf maydonida yoyilgan oʻquv nuqtalarida mehmonlar harbiy xizmatchilarning anjom-aslaha va qurol-yaroqlari bilan yaqindan tanishib, koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldi. O‘quvchilar bilan safda harakatlanish bo‘yicha o‘tkazilgan mashhurlar yoshlarda bir olam tassurot qoldirdi. 

 

Faxriy harbiylar tomonidan berilgan oʻgit va maslahatlar o‘quvchi yoshlar katta hayotga qadam qo‘yganida as qotib, ularga dasturilamal bo‘lib xizmat qilsa ajab emas. 

Shuningdek, Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda Yoshlar ittifoqining Farg‘ona viloyat kengashi bilan hamkorlikda “Harbiy qismda bir kun” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Shahar va tuman maktablarining sardorlari ishtirok etgan tadbir avvalida yoshlarga harbiy liboslar berildi. Harbiy qism xotira maydonida yurtimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida jonini fido qilgan Vatan himoyachilari xotirasi yodga olinib, ularga hurmat bajo keltirildi.

Harbiy qismdagi sharoitlar bilan tanishish maqsadida o‘quv binolari, yotoqxona, mavzuviy sinfxonalar, harbiy qism kutubxonasi va ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonasi bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi.

Tadbir ishtirokchilari o‘z jismoniy qobiliyatini turli sport musobaqalarida sinovdan o‘tkazdi. Bundan tashqari, yoshlar harbiy qismda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur tadbir doirasida yoshlar uchun harbiy qism oshxonasida harbiycha tushlik tashkil etildi. 

Yakunda sport musobaqalari hamda tadbirda faol ishtirok etgan yoshlarga esdalik sovg‘alar topshirildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati