Mudofaa vazirligi Sport markazi yoshlar uchun o‘z eshiklarini ochdi

0
837

Ayni kunlarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar, sportchilar, yoshlar va yurtimiz aholisi ishtirokida Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan turli tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri, yaʼni yoshlar orasida sport turlarini yanada ommalashtirish, “Sport mening hayotim” pozitsiyasini shakllantirish maqsadida Mudofaa vazirligi Sport markazining oʻq otish sport bazasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

“Vatanparvarlik oyligi” doirasida oʻtkazilgan ushbu tadbirda kapitanlar Ruslan Nurudinov, Ramziddin Saidov, Nadiya Dusanova, kichik serjantlar Nilufar Zokirova, Shunqor Abdurasulov kabi nomdor sportchilar, shuningdek, Toshkent shahri Yunusobod tumanining 68-sonli hamda Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 120-sonli oʻrta maktab oʻquvchilari ishtirok etdi. Unda oʻquvchi yoshlar darts, pnevmatik qurollardan oʻq otish, arqon tortish, stol tennisi sport turlari boʻyicha oʻzaro kuch sinashdi.

Tadbir davomida Sport markazi mutasaddilari yoshlarga harbiy sportchilar erishgan yutuqlar va Mudofaa vazirligi tizimida sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Musobaqalar yakunida gʻolib va sovrindor hamda alohida faollik koʻrsatgan ishtirokchilar nomdor sportchilar tomonidan medal va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti