Qurolli Kuchlar akademiyasida majmuaviy mashgʻulot oʻtkazildi

0
995

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining oʻquv dasturiga asosan Harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakulteti 1-bosqich tinglovchilari bilan “JCATS” kompyuter dasturini qoʻllagan holda bir tomonlama ikki pogʻonali qoʻmondonlik shtab oʻquvi oʻtkazildi.

Fanlar boʻyicha oʻtkazilgan maʼruza, seminar mashgʻulotida olingan nazariy bilimlar hamda amaliy mashq va mashgʻulotlarda olingan koʻnikmalarni takomillashtirish maqsadida oʻtkazilgan qoʻmondonlik shtab oʻquvida tinglovchilar maʼlum tayinlangan lavozimlarda yuzaga kelgan taktik vaziyat asosida maʼlumotlarni yigʻish, vaziyatni tahlil qilish, taktik hisoblarni ishlab chiqish, oldindagi harakatlarga asoslangan qarorni qabul qilish va takliflar berish boʻyicha malakalarini oshirib, zarur amaliyotga ega boʻldilar.

– Qoʻmondonlik shtab oʻquvi semestr davomida “Umumiy taktika” va boshqa taʼminot turlari boʻyicha ustozlarimizdan olgan nazariy bilimlarimizni amalda qoʻllay olish darajamizni belgilab beradigan majmuaviy mashgʻulot sifatida oʻtdi. Oʻquv uchun yaratilgan taktik vaziyat oʻz ichiga Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining ilgʻor tajribalarini, shuningdek, zamonaviy qurolli nizolar tajribalarini ham oʻzida mujassam etgan. Ushbu vaqt davomida olingan amaliy koʻnikmalar kelajakda qoʻshinlardagi faoliyatimizni tashkillashtirish uchun mustahkam zamin boʻla oladi”, – deydi 1-bosqich tinglovchisi podpolkovnik Saidmurod Saksanov.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti