Qurolli Kuchlar davlat muzeyida uch avlod uchrashuvi oʻtkazildi

0
783

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida uch avlod uchrashuvi oʻtkazildi. Unda mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, bosh prokuror oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori adliya polkovnigi Botir Qudratxoʻjayev, Prokuratura faxriylarini qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi Botir Kalonov soʻzga chiqib, yurtboshimiz rahbarligida tinchlikni mustahkamlash, xalqimiz farovonligini taʼminlash, keksalarni eʼzozlash, ertamiz egalarini barkamol inson sifatida tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladilar.

Buyuk ajdodlarga munosib avlod boʻlish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashash har birimizning muqaddas burchimizdir. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda qonunlarga hurmat, adolat tuygʻusini yanada mustakamlash maqsadida tarix, bugun va kelajakni oʻzida mujassam etgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish anʼanaga aylandi. Ushbu tadbirda ham Toshkent shahrida joylashgan oliy harbiy taʼlim muaassalari kursantlari, “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari hamda harbiy prokuraturaning yosh prokuror-tergov xodimlari ishtirok etdi.

Oʻz faoliyatini “Inson qadri uchun”, degan ulugʻvor gʻoya asosida amalga oshirayotgan Respublika Harbiy prokuratura organlari Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va qoʻmitalar bilan yaqindan hamkorliklikni yoʻlga qoʻyib, harbiy xizmatchilarning huquqiy ongi va bilimini oshirishga, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu maʼnoda 8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni arafasida tizimda uzoq yillar samarali va halol mehnat qilgan faxriylar bilan yoshlarning uchrashuvi foydali maʼlumotlarga boy boʻldi. Zero, faxriylarning pandu nasihatlari, oʻgitlari yoshlar qalbidan joy olishi, kelgusi xizmat faoliyatlarida, oʻqib-izlanishlarida as qotishiga shubha yoʻq.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti