Termizda taʼtildagi yoshlar harbiy qism mehmoni bo‘ldi

0
641

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb masalasiga aylangani hech kimga sir emas. Bu borada umumtaʼlim maktablari hamda harbiy qismlar o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarini Vatanga sadoqat ruhida kamol toptirishga xizmat qilmoqda.

Shu kabi maqsadlarga erishish yo‘lida navbatdagi tadbir Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda “Milliy armiyamiz Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Unda Surxondaryo viloyat Mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxasisliklari boʻyicha tayyorlash markazi chaqiriluvchilari, IIV Surxondaryo akademik litseyi oʻquvchilari, Termiz shahrida joylashgan mahallarda istiqomad qilayotgan yoshlar, viloyat kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat vakillari ishtirok etdi.

Tashrif buyurgan yoshlar bilan dastlab vatanparvarlik soati o‘tkazildi. Kelajakda harbiy boʻlishni maqsad qilgan yoshlarga respublikamizdagi Oliy harbiy bilim yurtlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi, buning uchun hozirdan sport bilan shug‘ullanish, zarur fanlarni a’lo bahoga o‘zlashtirish kerakligi qayd etildi. 

Shundan soʻng mehmonlar harbiy qismda mavjud zamonaviy texnika va qurol-yaroqlar bilan tanishdi. Kun davomida harbiy xizmatchilar va mahalla yoshlari ishtirokida sport oʻyinlari ham tashkil etildi. Harbiy qismda mavjud kutubxona va harbiy qism muzeyi esa tashrif buyurganlarda katta taassurot qoldirdi. Ta’kidlash kerakki, bu kabi tadbirlar yoshlarimiz ongida Vatanga boʻlgan muhabbat ruhini shakllantirishga xizmat qiladi. 

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni