Aloqa harbiy institutiga press-tur tashkil etildi

0
841

Bugun 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 31 yilligi bayrami oldidan “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori osti ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutiga press tur tashkil qilindi.

Tur avvalida institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislari ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilinib, unda muassasaga doir bir qator qiziqarli ma’lumotlar jurnalistlarga yetkazildi.

Xususan, mazkur harbiy institut Mudofaa vazirligining davlat oliy harbiy ta’lim muassasasi bo‘lib, u quyidagi 8 ta yo‘nalish bo‘yicha taktik bo‘g‘indagi ofitser kadrlarni tayyorlaydi:

Aloqa qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
Axborotlarni kriptografik himoyalash va maxsus aloqa;
Axborot texnologiyalari va dasturiy injiniring;
Radioelektron razvedka va kurash;
Havo hujumidan mudofaa radiotexnika qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
Havo hujumidan mudofaa zenit-raketa qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
Tarmoq va axborot tizimlari xavfsizligi;
DXX chegara qo‘shinlari (intellektual tizimlar).

Shuningdek, harbiy institutda o‘qish harbiy xizmatni o‘tash bilan tenglashtiriladi. Harbiy institut bitiruvchilariga “leytenant” harbiy unvoni va davlat namunasidagi diplom beriladi.

Anjuman davomida institutda ixtirochilikni rivojlantirish va yangi innovatsion g‘oyalarni amalga tatbiq etish borasida olib borilgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, muassasada quyidagi 6 ta zamonaviy o‘quv laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan:

Robototexnika va dron tizimlari o‘quv laboratoriyasi;
“Cisco” bazasida ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari va modellashtirish va simulyatsiya virtual jihozlari;
Kiberxavfsizlik o‘quv laboratoriyasi;
Optik tola aloqa linyasi o‘quv laboratoriyasi;
Radiolaksiya o‘quv laboratoriyasi;
Raqamli radioaloqa o‘quv laboratoriyasi;
Radioxavaskor va radioelektronika o‘quv laboratoriyasi.

Darhaqiqat, anjumanda ta’kidlanganidek institutda ilmiy salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar ham jadal ravishda olib borilmoqda. Buning natijasida 2019-yilgacha institutning ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 9%ni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 53%ni tashkil etmoqda. Ayni vaqtda harbiy institutda 3 nafar fan doktorlari (DSc),
23 nafar fanlar bo‘yicha falsafa doktorlari (PhD) va fan nomzodlari hamda
13 nafar dotsentlar faoliyat olib boradi.

Matbuot anjumani shu tariqa qiziqarli va foydali ma’lumotlarga boy tarzda o‘tdi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan atroflicha javob oldi.

Shundan so‘ng press tur ishtirokchilari Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hududi, unda mavjud binolar va zamonaviy o‘quv laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganishdi.  

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerak, bugungi kunda harbiy institutning ilmiy tadqiqot laboratoriyasi ilmiy hodimlari, professor-o‘qituvchilari va kursantlari tomonidan bir qator innovatsion, ilmiy va amaliy loyihalar ishlab chiqilib vazirlik, vazirliklararo, respublika miqyosida o‘tkazilayotgan innovatsion loyihalar tanlovlarida munosib ishtirok etib, o‘zlarining yaratgan turli ixtirolari orqali bir qator grandlarga sazovor bo‘lishgan.

Jumladan, 2022-yilning 29-avgustidan 6-sentabr kuniga qadar Turkiya Respublikasining Samsun shahrida o‘tkazilgan “TEKNOFEST” texnologiyalar xalqaro yoshlar festivalida harbiy institutning ilmiy xodimlari va professor o‘qituvchilari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi.

Festivalda namoyish qilingan ma’lumot tashuvchi vositalardan elektron ma’lumotlarni kafolatli o‘chirish imkonini beruvchi «UzDel-Xotira» nomli apparat-dasturiy qurilmasi, Wi-fi tarmog‘iga ruxsatsiz kirishni nazorat qilish imkonini beruvchi «Wifi-Bloskator» nomli apparat-dasturiy qurilmasi, artilleriya qurollaridan nishonga olish va otishga mo‘ljallangan simulyatsion trenajeri kabi ishlanmalar orqali ishtirokchilar katta taassurotga ega bo‘lishgan.

Bayram tantanalari oldidan Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutiga qilingan mazkur sayohat ommaviy axborot vositalari xodimlarida ulkan taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti