Xonqada mudofaa ishlari boʻlimining binosi qayta qurildi

0
728

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 31 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni umumxalq bayramiga bagʻishlab Xorazm viloyati Xonqa tumanining qayta qurilgan mudofaa ishlari boʻlimi foydalanishga topshirildi.

Binoning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Joʻrabek Rahimov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, tuman oqsoqollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Xorazm viloyati Harbiy-maʼmuriy sektori koʻmagi bilan ushbu obyekt qayta qurilib, 21 xonadan iborat ikki qavatli maʼmuriy bino, arxiv xonasi, chaqiriluvchilar hamda harbiy xizmatga majburlarning elektron hisobini yuritish bazasi, navbatchilik xonasi, chaqiruv boʻlinmasida chaqiriluvchilarni tibbiy koʻriklardan oʻtkazish joylari, oshxona, kartoteka, 50 kishiga moʻljallangan zal, 3 ta sanitar tizim hamda fuqarolarni qabul qilish xonasi barpo etildi. Bir soʻz bilan aytganda, eski holatdagi obyekt oʻrnida bugun koʻrkam, zamon talablariga toʻliq javob bera oladigan, xalq uchun xizmat qiladigan markaz yaratildi.

Binoning tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar, viloyat harbiy-maʼmuriy sektori tomonidan yaratilgan mana shunday koʻrkam sharoitlar Xonqa tumani ahli uchun xizmat qilib, hududning oʻsmirlarini oʻz yigitlik burchini oʻtashiga tayyorlash va kelajakda vatanparvar insonlarni voyaga yetkazish uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tadbir yakunida yurtimizda o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” munosabati bilan Xonqa tumanida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimizning holidan xabar olinib, ularga harbiy okrug qoʻmondonligi hamda tuman hokimligi tomonidan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari va harbiy xizmatda xizmat yilini oʻtab boʻlganiga qaramay yaxshi holatda saqlanib qolingan mebel jihozlari yetkazildi. 

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati