Yurt tinchligi va barqarorligi yoʻlida xizmat qilishni sharaf bilgan ayol

0
1211

Odatda ayolga taʼrif berilganda nozik xilqat vakilalari degan jumla ishlatilishi tabiiy.

Ammo yurtimizdagi turli sohalarda faoliyat yuritayotgan shunday ayollar ham bor-ki, ularda noziklik, ibo, sabr va hayodan tashqari jasorat, matonat hamda mardlik xislatlari ham mujassam. Ayniqsa, Qurolli Kuchlar safida yurt oʻgʻlonlari bilan yelkama-yelka xizmat qilayotgan ayollarga tasanno deging keladi.

Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi va hozirgacha yagona ayol harbiy jurnalisti boʻlgan mayor Gulnora Xodjamurotova ham ana shunday kamsonli nozik xilqat vakilalaridan biri. U mana qariyb 17 yildirki Vatan posbonlarining hayoti va faoliyatini “Vatanparvar” gazetasi orqali yoritib kelayotir. Gulnoraning bolalik xotiralari, oʻz kasbiga fidoyiligi va kelajak rejalarini tinglaganimda amin boʻldim-ki, uning goʻzal oʻtmishi, sadoqatli buguni va sharafli ertasi bor.

Bolalik

– Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida tugʻilganman. Oilada yetti farzand ulgʻayganmiz – besh qiz, ikki oʻgʻil. Men beshinchi farzandman. Vatan deganda, eng avallo koʻz oʻngimda jonajon qishlogʻim namoyon boʻladi. Bolalik bilan bogʻliq shirin xotiralarim jonlanadi. Gʻam-tashvishsiz begʻubor bolalik baribir boshqacha. Oilamiz katta edi. Hammamiz kechqurun bir dasturxon atrofida jamuljam boʻlardik. Ajoyib damlar edi. Bugun oʻsha kunlarni koʻp qumsayman, sogʻinaman. Afsuski bu sogʻinchning taftini hech narsa bosolmaydi…

Dadam koʻp yillar Oqoltin tumani IIBda xizmat qilgan. Ularning koʻp vaqti xizmatda oʻtgani bois, bizning taʼlim-tarbiyamiz bilan asosan enam (dadamning onasi) va onam shugʻullanardi. Onam darslarimizni nazorat qilib borardi. Enam esa hech qachon boʻsh vaqtimizning besamar ketishiga yoʻl qoʻymasdi. Doim foydali biror yumush bilan band qilinardik. Xullas, biz farzandlar mana shu fidoyi insonlarning mehridan qonib katta boʻldik. Ulardan hayot davomida asqotadigan eng yaxshi fazilat va xislatlarni oʻzlashtirdik. Shuning uchun oilada, hayotda oʻz oʻrnimizni topdik. Buning uchun enamdan va ota-onamdan minnatdorman.

Orzular

– Koʻpchilik mendan “Oilangizda harbiylar boʻlganmi,” deb soʻraydi. Bu savoldan taajublanmayman. Chunki juda koʻp hollarda harbiylar oilasida ulgʻaygan farzandlar shu kasbni tanlaydi-da. Bolaligimda men ham xuddi dadam kabi ichki ishlar xodimi boʻlaman, deb orzu qilardim. Yoʻq, bu shunchaki oʻtkinchi his emasdi. Negaki bu istak maktabni tamomlash arafasida ham qalbimni tark etmagan. Shuning uchun Ichki ishlar akademiyasiga oʻqishga kirishni maqsad qilganman. Nimadir sabab boʻldi-yu, akademiyaga hujjat topshirishga kechikkanman. Oʻshanda juda yomon ahvolga tushganman. Chunki men kelajagimni ichki ishlar sohasi bilan bogʻliq koʻrardim. Orzularim, maqsadlarim, intilishlarim bari-barisi shu soha bilan chambarchas edi. “Maktabni bitirishimizga toʻrt oy qoldi-ku endi qaysi kasbni tanlayman”, deb yigʻlagandim uydagilarga. Dadam: “Koʻngling yana qaysi kasbga chopsa, oʻshani tanla. Hali vaqting bor. Avval sen yaxshilab oʻylab ol”, deb tasalli bergan. Dadam har bir farzandning koʻngliga qaraydigan, ularning orzu-maqsadlariga befarq boʻlmagan inson edi. Oradan bir hafta oʻtgandan soʻng dadamga qarorimni aytganman: jurnalist boʻlaman! Dadam qarorimni qoʻllab-quvvatlagan. Shunday qilib imtihonlarga tayyorgarlikni boshlab yubordim.

Aprelning soʻnggi kunlari edi. Dadam ishdan biroz erta keldi va “men bugun sen oʻqishga kirmoqchi boʻlgan universitetga borib koʻrib keldim. Mana manzili”, deb qoʻlimga bir qogʻozcha tutqazdi. Qogʻozni ochib oʻqidim. U yerda shunday soʻzlar yozilgan edi: Muqimiy koʻchasi, 104 uy, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, xalqaro jurnalistika fakulteti. Shu kundan boshlab imtihonlarga tayyorgarlikka yanayam zoʻr berdim. Natijada men oʻsha yili universitet talabasi boʻldim!

Harbiylikka ilk qadam

– 2006-yil magistraturani tamomlaganimdan keyin, Mudofaa vazirligining markaziy matbuot nashri boʻlgan “Vatanparvar” gazetasida ish boshladim. Uch yildan soʻng esa, yaʼni 2009-yilda Qurolli Kuchlar safiga chaqirilganman. Umuman olganda “Vatanparvar”da faoliyat yuritayotganimga bu yil 17 yil boʻladi. Oʻtgan yillar meni qator yutuq va muvaffaqiyatlar bilan siyladi. Eng avvalo, tajribaga ega boʻldim, qalamim charxlandi. Sohada oʻrin topdim. Buning uchun jamoamizdagi ustoz jurnalistlarga rahmat deyman. Men har doim ularning sabogʻi va maslahatlariga tayanaman.

Xizmat mashaqqatlari

– Sharafli kasbimizning oʻziga xos murakkab jihatlari, qiyinchiliklari ham bor. Lekin bundan nolimayman. Chunki kasbimni sevaman. Sohaning shu kabi oʻziga xos tomonlarini bilib, anglab bu kasbni tanlaganman. Zero, harbiy xizmatchini qiyinchiliklar toblaydi, mashaqqatlarda tajribasi oshadi. Masʼuliyat hissi qanchalik yuksak boʻlsa, erishiladigan natija ham shunga yarasha boʻladi.

Meni nima xursand qiladi, bilasizmi? Bugun jurnalistlarning jamiyatdagi mavqei ortdi, mehnatimiz eʼzozlanayapti! Bu biz uchun eng katta muvaffaqiyat. Shunday ekan, elu yurt xizmati yoʻlida xizmat qilishdan hech qachon tolmaymiz!

Oila

– Shu kungacha hayotda, xizmatda nimagaki erishgan boʻlsam, bunda oilamning alohida oʻrni bor. Men mana shu muqaddas dargohdan kuch-quvvat olaman. Aynan oila insonni eng ulugʻ ishlarga, ulkan jasoratlar qilishga ilhomlantiradi. Har gal xizmatdan uyga qaytar ekanman, qanchalik charchagan boʻlmay, charchoqlarim ostona hatlashim bilan biz zumda tarqab ketadi, qalbimni yoqimli hislar chulgʻaydi. Turmush oʻrtogʻim ogʻir-bosiq, mulohazali inson. Tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Kasbimni tushunadi. Meni doim qullab-quvvatlaydi. Xizmat taqozosi bilan erta ketib, kech qaytaman. Shunday vaqtlarda turmush oʻrtogʻimning koʻmagiga suyanaman. Farzandlarimiz – Sevaraxon va Muhammadkarim oilamiz quvonchi. Men ularning tarbiyasi uchun doim vaqt ajratishga harakat qilaman.

Kasbdan kamol

Bilamizki, oʻz kasbiga chuqur mehr qoʻygan inson uni mukammal egallash uchun astoydil harakat qiladi. Oʻqish, oʻrganish, izlanish, tajribali jurnalist boʻlishning muhim sharti sanaladi. Bu esa zimmamizda ulkan masʼuliyat borligidan dalolat beradi. Kasbida kamol topaman degan inson tanlagan sohasini mukammal oʻzlashtirishga, sohada oʻrin topishga, munosib shogirdlar tayyorlashga harakat qiladi. Ana shunda erishajak yutuqlari ham yuksak boʻladi. “Yashayapsanmi, demak harakat qil, maqsading sari dadil odimla”. Bu mening hayotdagi shiorim. Siz qachonki oʻz oldingizga maqsad qoʻyib intilar ekansiz, natija albatta boʻladi. Bu hayotda isbotlangan haqiqat.

Eʼtirof

– 2022-yilda Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi bayrami arafasida davlatimizning yuksak mukofoti – “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu mukofot meni yangi zafarlarga ruhlantirdi. Bundan buyon ham ushbu mukofotga loyiq boʻlishga intilaman. Men avvalo ota-onamning, Vatanimning ishonchini oqlaganimdan baxtiyorman. To tanda jonim bor ekan elim, yurtim himoyasida, uning tinchligi, barqarorligi yoʻlida xizmat qilishdan aslo tolmayman!

Kelgusi rejalar

– Rejasiz, maqsadsiz hayotni mazmunsiz deb bilaman. Vatanimiz mudofaa salohiyatini oshirishda bor kuch va gʻayratini ayamasdan, yurt tinchligi yoʻlida uning sarhadlarini tun-u kun qoʻriqlayotgan bugunimiz qahramonlari juda koʻp. Ularning har biri yoshlarga namuna va oʻrnak boʻla oladi. Shunday ekan, kasbim nuqtayi nazaridan oʻsha qahramonlarni yosh avlodga tanishtirishdir. Ular tinchlik degan soʻzning zamirida qanchalik mashaqqat, mardlik va jasorat turganligini bilsin. Qolaversa, bu orqali yoshlarning vatanparvarlik tuygʻusini shakllanadi. Insonda Vatan tuygʻusi boʻlmas ekan, unda fidoyilik, sadoqat va jasorat boʻlmaydi. Yoshlar bizning kelajagimiz, ularni turli yot gʻoyalar taʼsiridan avaylashimiz kerak. Buning uchun hammamiz birdek masʼulmiz.

Sherzod SHARIPOV suhbatlashdi