Ta’tildagi o‘quvchilar Toshkent harbiy okrugidagi harbiy qism mehmoni bo‘ldi

0
590

Yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy armiyamizga hurmat, fidoyilik kabi g‘oyalarni shakllantirish, ularni tanlagan kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida “Milliy armiyamiz — Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida Angren shahridagi harbiy qismda mahalla yoshlari uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Ta’kidlash kerakki, ayni kunlarda yurtimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilari qishki ta’til kunlarini o’tkazishmoqda. Yoshlar ta’tilni maroqli o‘tkazishlari uchun harbiy qismlarda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkillashtirilyapti. 

Angrendagi harbiy qismda o‘tkazilgan tadbirda yoshlar harbiy texnika, qurol-aslahalar hamda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bu yerda xizmat qilayotgan harbiy akalari bilan turli mavzudagi suhbatlar, ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan yoshlar qalbida harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqish uyg‘ongan bo‘lsa ajab emas.

Shuningdek, Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonida ham shu kabi tadbirlarning navbatdagisi o‘tkazildi. “Komandir va yoshlar uchrashuvi”, “Men ham Vatan himoyachisi bo’laman”, va “Mard askar yoshlarga namuna” shiorlari ostida o’tkazilayotgan tadbirlar doirasida yoshlarga harbiy qismlarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan bilan birga sharafli va mashaqqatli kasb egalarining kundalik hayoti va tajribalari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, o’quvchi yoshlar uchun harbiy qism komandirlari tomonidan buyuk sarkardalarimiz — sohibqiron Amir Temur va sulton Jaloliddin Manguberdining hayoti, ularning jang san’atiga bag‘ishlangan o‘quv darslari o‘tildi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan berilgan ma’lumotlar va ko‘rgazmadagi san’at asarlari o‘quvchilarga yangidan yangi bilim manbai bo‘lib xizmat qildi va ularda harbiylik kasbiga qiziqish uyg‘ondi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti