Buxoroda vatanparvarlik festivali boʻlib oʻtdi

0
651

Yurtimizda yoshlarning boʼsh vaqtini mazmunli oʼtkazish, ularni har jihatdan qoʼllab-quvvatlash hamda sport bilan shugʼullanishiga imkoniyatlar yaratish maqsadida “Milliy armiyamiz — Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qolqonidir!” shiori ostida yoshlar festivallari oʻtkazilmoqda.

Ushbu tadbirlarning navbatdagisi Buxoro viloyati boʻylab davom etdi. Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi mingdan ziyod yurtdoshlarimizni bir joyga jamlagan mazkur festival “Sogʼlom hayot yoʼlida 5000 qadam” piyoda yurish marafoni bilan boshlandi.

Unda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Buxoro garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari, Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Milliy gvardiyaning viloyat va Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda alp oʻgʻlonlar tomonidan turli qurol-aslahalar namoyishi yoshlar tomonidan katta hayrat va qiziqish bilan kutib olindi. Shuningdek, festival davomida milliy kurash sport turi boʻyicha yosh polvonlarning bellashuvi, “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan ularda mavjud toʻgaraklar faoliyati borasida targʻibot hamda qator koʻrgazmali chiqishlar qilindi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati