Kiberxavfsizlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan memorandum imzolandi

0
1988

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda “Kiberxavfsizlik markazi” DUK o‘rtasida memorandum imzolandi.

O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 16-fevraldagi PQ-130-sonli qaroriga asosan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida “Kiberxavfsizlik fakulteti” tashkil qilingan. Bunga ko‘ra fakultet tarkibida tarmoq va axborot texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi qator kafedralarga asos solingan.

Hozirgi kunda mazkur OHBYda kadrlar tayyorlash jarayoni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda. Jumladan, kiberhujum vektorlarini aniqlash, tarmoq va axborot tizimlarida zaifliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, zararli dasturlarga qarshi kurashishning profilaktik usullarini ishlab chiqish, tahdidlar va ularning manbalarini tezkor baholash qobiliyati hisobga olgan holda asosiy e’tibor amaliy mashg‘ulotlarga qaratilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida, kiberxavfsizlik sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi “Kiberxavfsizlik markazi” DUK hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tadbir davomida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish, xususan, kiberxavfsizlik masalalari, harbiy institut kursantlari uchun talab qilinadigan bilim va ko‘nikmalar olish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, qo‘shimcha ta’lim tashabbuslarini tashkil etish hamda qator ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti Kiberxavfsizlik fakulteti o‘quv moddiy bazasidagi Kiberxavfsizlik laboratoriyasini ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu laboratoriya fakultet kursantlarini kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti