Nukusda harbiy oilalarga tegishli uylar kapital ta’mirdan chiqarildi 

0
888

Yurt himoyachilari hamda ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini taʼminlash, turmush darajasi yaxshilash maqsadida Nukus garnizonidagi 1-sonli yopiq harbiy shaharchada joylashgan toʻrt qavatli ikkita uy Yangi yil bayrami arafasida kapital taʼmirdan keyin harbiy xizmatchilarga foydalanish uchun tantanali topshirildi.

Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolari hamda quruvchilar ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi rahbariyati amaliy koʻmagi hamda harbiy okrug qoʻmondonligining tashabbusi bilan bugun bu uylarga yangi hayot bagʻishlanib, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari turmush darajasini yanada yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar muhayyo etildi. Bu xizmat uylari yana koʻp vaqt harbiy xizmatchilarning ehtiyojini qondirib, yurt himoyachilarining oila aʼzolari bilan farovon turmushini taʼminlab keladi.

Mehmonlar Yangi yilni yangi taʼmirdan chiqqan shinam uylarda kutib olayotgan xonadonlardagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, xizmat uylari sohiblariga ezgu tilaklarini bildirishdi. Ularning farzandlariga Yangi yil sovgʻalarini taqdim etishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati