Termizda yakunlanayotgan yil sarhisob qilindi

0
871

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda Termiz garnizoni harbiy komendaturasi tomonidan koʻrgazmali taktik-oʻquv mashgʻuloti o‘tkazildi.

Unda Termiz garnizoni hududida joylashgan harbiy qismlar komandirlari va muassasa boshliqlarining oʻrinbosarlari hamda harbiy qism shtab boshligʻlarining harbiy xizmat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

Dastlab yigʻin ishtirokchilari guruhlarga boʻlinib, rejaga asosan tashkil etilgan oʻquv nuqtalari bilan yaqindan tanishdilar.

Oʻquv rahbarlari tomonidan harbiy qism shaxsiy tarkibi joylashgan obyektlarni qoʻriqlash va himoya qilish, qurol-aslaha va oʻq-dorilarni saqlab qolish boʻyicha berilgan ko‘rsatmalar yig‘in ishtirokchilari tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi. Shuningdek, tadbir davomida qorovul, garnizon navbatchi boʻlinmalarining amaliy harakatlanishini takomillashtirish, shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy holatini mustahkamlash, ularda mas’uliyat hissini yanada oshirish boʻyicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Tadbir yakunida Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismlarda IV chorak boʻyicha qoʻshinlar xizmatini olib borishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va erishilgan yutuqlar sarhisob qilindi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni