Yurt fidoyilarining farzandlariga bayram sovg‘alari topshirildi

0
975

Yangi yilni xalqimiz bayramona kayfiyat bilan qarshilamoqda. Yurtimizning turli hududlarida maydonlar, xiyobonlar, dam olish maskanlari bayramona bezatilib, bolajonlar uchun turli ko‘ngilochar tadbirlar tashkillashtirilmoqda.

Bolajonlarning cheksiz quvonchidan esa, ayyom yanada tarovatli, yanada jozibali o‘tishi bayramona kayfiyatni oshiradi. Ayniqsa, bolajonlar Qorbobodan sovg‘a olganda ularning shodligiga shodlik qo‘shiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida xizmat qilib, mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va sarhadlarimiz daxlsizligini asrash yo‘lida jonini fido qilgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga Yangi yil sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev barcha sharafli burch egalarini, ularning oila a’zolarini, butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabrikladi. Bu kabi bayram tantanalari barcha okruglarda, harbiy qismlarda o‘tkazilayotgani va bir necha kun davom etishini ta’kidladi.

Bolajonlar va maktab yoshidagi yigit-qizlarga sovg‘alarni Qorbobo hamda Qorqiz bilan birgalikda polkovnik Hamdam Qarshiyev va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining o‘rinbosari, adliya podpolkovnigi Qahramon Isroilov topshirdi. Bu yil bolajonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasining maxsus sovg‘alarini qabul qilib olishdi.

Sovg‘alarni topshirish marosimidan so‘ng, bolajonlarning shodu-xurramligi teatrlashtirilgan tomoshalar bilan davom ettirildi. Qorbobo va Qorqiz harbiy orkestr jamoasi, ertak qahramonlari birgalikda bolalikning sehrli olamiga tushib qolgan jajji qalb sohiblarining baxt va shodligi aks etgan chehralari esa kattalar uchun haqiqiy Yangi yil sovg‘asi bo‘ldi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti