Markaziy harbiy okrugda ikki tanlov g‘oliblari aniqlandi

0
1015

Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida okrug qo‘shinlari qo‘mondoni kubogi uchun o‘tkazilayotgan “Yosh oshpazlar” ko‘rik tanlovining navbatdagi bosqichi o‘tkazildi.

Unda okrug tasarrufidagi barcha garnizonlar miqyosida o‘tkazilgan tanlovlarda g’olib bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari hamda mahalladagi yoshlar ishtirok etdi.

Tanlov jarayonida ishtirokchilar yosh bo‘lishiga qaramay bor kuch-g‘ayratini ayamasdan mahorat bilan osh pishirishga bel bog‘ladilar. Har bir og‘il-qiz turli xil viloyatlarning oshlarini mohirlik bilan tayyorlashga kirishdi. Hakamlar esa musobaqa jarayonlarida ham ishtirokchilarning oshpazlik libosi, osh pishirish texnikasi, stolni bezatishiga, ham gazak tayyorash mahoratlarini baholab bordi.

Musobaqa yakunida natijada quyidagicha taqsimlandi:

1-o‘rin — Jizzax garnizoni;
2-o‘rin — Samarqand garnizoni;
3-o‘rin — Navoiy garnizoni yoshlari.

G‘olib va sovrindorlar okrug qo‘shinlari qo‘mondonining, diplom, kubog va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Samarqand garnizonidagi harbiy qismda “Vatanparvarlik oyligi” doirasida maktab oʻquvchilari ishtirokida “Posboniman muqaddas yurtning” mavzusida insholar tanlovi oʻtkazildi.

Tanlovda ishtirok etgan oʻquvchi yoshlarning yozgan insholari mavzuning mazmun-mohiyatini toʻlaqonli ochib bergani, mustaqil fikrlar mavjudligi hamda ijodiy ishga yondashuvi boʻyicha saralandi.

Shuningdek, tanlovda umumtaʼlim maktablari orasidan faol oʻquvchi yoshlar tomonidan tayyorlab kelingan Qurolli Kuchlarning 31 yilligiga va Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan sheʼrlar tinglandi.

Yakunda insholar va sheʼrlar tanlovida faol ishtirok etgan va faxrli oʻrinlarni egallagan oʻquvchi yoshlar okrug qoʻshinlari qoʻmondonining diplom va kitoblar toʻplami bilan taqdirlandilar.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati