Harbiy orkestr bayramona kayfiyat ulashdi

0
957

Tobora yaqinlashib kelayotgan Yangi yilningshukuhi, oʻzgacha kayfiyati butun yurtimiz boʻylab namoyon boʻlmoqda. Ayniqsa, tungi poytaxtimiz va uning chiroqlari sevimli bayram eshik qoqib kelayotganidan dalolat beryapti.

Toshkent shahrining qoq markazi boʻlgan Mustaqillik maydoni va Amir Temur xiyoboni oraligʻida joylashgan hududga bosh archa oʻrnatildi. Kuni kecha bu yerda yurtdoshlarimizga koʻtarinki kayfiyat ulashish maqsadida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy orkestrlarning bayramona chiqishlari namoyish etildi.

Dastlab harbiy orkestr sozandalari tomonidan poytaxtimiz markaziy koʻchalari boʻylab Yangi yil marshi tashkillashtirildi. Qorbobo libosidagi harbiy orkestr ijodiy guruhini aholining barcha qatlami koʻtarinki ruhda qarshi olishdi.

Bosh archa qarshisida davom etgan festival hamyurtlarimizda katta taassurot qoldirgani shubhasiz. Qorbobo libosidagi harbiy orkestr konserti tadbir ishtirokchilariga bayramona zavq bagʻishladi.

Ta’kidlash kerakki, bunday bayram tadbirlari yurtimizdagi barcha harbiy okruglarda o‘tkazilmoqda. Xususan, Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida ham okrug rivoji uchun samarali mehnat qilib kelayotgan Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilariga Yangi yil tuhfalari ulashildi.

Harbiy orkestr jamoasining bayramona kayfiyatdagi kuy-qo’shiqlari, qorbobo va qorqizning tashrifi yig’ilganlar uchun ko’tarinkilik manbai bo’lib xizmat qildi.

Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonidagi harbiy orkestr jamoalari ham “Boqiy shahar” amfiteatrida “Milliy armiyamiz — Yangi O’zbekistonning mustahkam qalqonidir” shiori ostida fleshmoblar o‘tkazdi.

Tadbir davomida harbiy faxriy qorovulning ko‘rgazmali saf chiqichlari hamda harbiy orkestr jamoasining musiqali chiqishlari maydonga yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat baxsh etdi.