“Matonat maktabi” sportchilari bayramona musobaqada ishtirok etishdi

0
808

Hayot sinovlariga oʻz irodasi va mehnati, sabr-u qanoati bilan mardonavor dosh berib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritayotgan bir guruh parasportchilarimiz borki, ular chin maʻnoda “Matonat maktabi” iftixorlaridir.

Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida bayramona uchrashuv tashkil etildi. Unda Milliy paralimpiya qoʻmitasi “Matonat maktabi” sportchilari, mashhur taekvondo ustalari, terma jamoamiz murabbiylari ishtirok etdi. Ushbu uchrashuv avvalo yosh sportchilar uchun muhim motivatsiya va hayotiy ishonch bera olishi bilan ham ahamiyatlidir. Xususan, Butunjahon taekvondo federatsiyasi tomonidan 102 ta davlat orasida “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deya topilgan Bobur Qoʻziyev, taekvondo boʻyicha dunyoda tengsiz boʻlib turgan leytenant Dmitriy Shokin, xalqaro toifadagi sport ustasi Niyoz Poʻlatov kabi yurtdoshlarimiz barchani yuqori darajada ruhlantira olishdi.

Uchrashuv davomida mehmonlar faxriy insonlar muzeyi va oʻq otish majmuasida ham boʻlishib, paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida Pnevmatik vintovkadan oʻq uzish sport turi boʻyicha tashkillashtirilgan musobaqada ham oʻz imkoniyatlarini namoyon etishdi.

Qizgʻin bahslar bayramona sovgʻalar, samimiy muloqotlar, ragʻbat va eʻtiroflar olqishlarga ulandi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston para-taekvondo terma jamoasi aʼzolari 2022-yilda 10 ga yaqin nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etdi va ularda 13 ta oltin, 15 ta kumush va 11 ta bronza medallariga sazovar boʻlib, kuchli dunyo uchligidan oʻrin oldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti