Harbiy qismlarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etilmoqda

0
955

Yangi yil bayrami arafasida harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ularga sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini arzonlashtirilgan narxlarda yetazish, bayram oldidan ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida barcha harbiy okruglarda bayram yarmarkalari tashkil etilmoqda.

Xususan, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan Nukus garnizonidagi 1-sonli yopiq harbiy shaharchada bayram yarmarkasi tashkil etildi.

Yarmarkada mahalliy fermer, dehqon va tadbirkorlar, shuningdek harbiy qismlardagi yordamchi xoʻjaliklarda yetishtirilgan oziq-ovqat, goʻsht va baliq mahsulotlari bozor narxidan arzonroq narxda yetkazilib, harbiy shaharcha turgʻunlariga qoʻshimcha qulayliklar yaratishdi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligiga qarashli Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi hamda Samarqand viloyati Qoshrabot tumanidagi harbiy qismlarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi tashkillashtirildi. Ushbu yarmarkada harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etib, iste’mol uchun zarur bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlarini bozor narxidan arzon narxda xarid qildi.

Bundan tashqari, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlarining barcha harbiy qism va muassasalarida ham arzon oziq-ovqat yarmarkasi oʻtkazilib kelinmoqda.

Ushbu yarmarkalarga oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj uchun mahsulotlar harbiy qismlardagi xoʻjalik birlashmalari tomonidan yetishtirilgan bo‘lib, arzonlashtirilgan holda sotilmoqda.