Oʻtmish va bugun bilan yuzma-yuz

0
941

Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti jamoasi Yangi yil arafasida yangi kunni yoʻqlovdan boshladi. Ular Zangiota tumanining “Amir Temur” mahallasida yashovchi 85 yoshli Zinaida Kadirova xonadonida boʻldilar. Yetmish yildan ortiq umrini yurtimizda oʻtkazgan, tibbiyot rivojiga hissa qoʻshib, minglab odamlarning sogʻayishiga turtki bergan onaxonga sovgʻa-salovlar topshirilgach, shifokor koʻrigidan oʻtkazildi. Shundan soʻng harbiy xizmatchilar va kursantlar tomonidan kuy-qoʻshiqlar ijro etilib, yigʻilganlarning kayfiyatiga bayramona ruh bagʻishladi.

Harbiy institut, Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Toshkent harbiy prokuraturasi hamkorligida “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida tashkil qilingan tadbir sabab institut harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolari oʻtmish va bugungi kun bilan yuzma-yuz keldilar.

“Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qolqonidir” shiori ostida oʻtkazilgan tadbir avvalida bir guruh oʻquvchilar oʻzlarining Vatan va uning himoyachilari haqidagi tasavvurlarini suratlarda ifoda qilishga kirishib ketdilar.

Qolgan mehmonlar hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati otryadlariga aʼzo oʻquvchilar ishtirokida shoirlar va teatr aktyorlari, Mudofaa vazirligi faxriylari bilan ochiq muloqot oʻtkazildi. Maxsus avariya tiklash boshqarmasi “Impuls” jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarning vatanparvarlik tuygʻularini yanada oshirdi.

Tadbir soʻngida rasm chizish boʻyicha “bel bogʻlashgan” oʻquvchilarning eng saralari diplom va sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti