Harbiy xizmatchilar saxovat va koʻmak tadbirlarida faol

0
778

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondoni boshchiligidagi harbiy xizmatchilari olis manzillarda istiqomat qiluvchi kam taʼminlangan, nogironligi bor, ehtiyojmand oilalarga turli moddiy hamda ijtimoiy koʻmak bermoqda.

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida yashovchi Bobomurod Qurbonov 1-guruh nogironi. Katta farzandi ham hali maktab oʻquvchisi. Bayram arafasida quvonch ulashish maqsadida okrug qoʻshinlari qoʻmondoni ushbu oila ahvolidan xabar olib, bayramona sovgʻa-salomlar ulashdi. Bayram arafasi bu kabi eʼtiboridan toʻlqinlangan xonadon egalari yurt tinchligini tilab duolar qildi.

Shuningdek, Nishon tumani Nuriston shaharchasida yashovchi 2-guruh nogironi Ilhom Choriyevning yashab turgan xonadoni harbiy xizmatchilar tomonidan ta’mirlab berildi. Yurtimiz posbonlari xonadon tom qismini qaytadan yopib, yangidan elektr energiyasi tarmog‘ini oʻtkazdi. Hovlini betonlash, yozgi soʻri va ichimlik suvi uchun quduq tayyorlandi. Ayni paytda xonadonda bezak ishlari jadal olib borilayapti.

Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Moddiy va maʼnaviy koʻmak uchun bir olam sovgʻa-salom bilan tashrif buyurgan, ogʻir kunida kamarbasta boʻlgan harbiy libosdagi insonlar bunday oilalar farzandlari xotirasida bir umrga qolishi aniq. Davlatimizda hech kim eʼtibordan chetda emasligini his etgan yoshlarda esa vatanparvarlik hislari yanada jo‘sh urib, shakllanadi.

Bu kabi mehr-sahovat tadbirlari yurtimizdagi barcha okruglar miqyosida tizimli ravishda davom etmoqda.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati