Termiz garnizonida keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi

0
723

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida keng qamrovli tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida yuqori saviyada o‘tkazildi.  

“Vatanparvarlik oyligi” doirasida tashkil etilgan tadbirda Termiz shahrida joylashgan mahallalarda yashayotgan va umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 450 nafardan ziyod o‘quvchi yoshlar qamrab olindi.  Shuningdek, tadbirda Termiz harbiy prokuraturasi xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi faol yetakchilari, viloyat Mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazi chaqiriluvchilari, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.  

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etishdi.  

Bundan tashqari, tadbir davomida yigit-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi rahbarlar tomonidan atroflicha javob oldi. Yoshlar tomonidan berilgan fikrlar qanoatlantirilib, o‘rtaga tashlagan ko‘plab taklif va g‘oyalar qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuv doirasida Termiz garnizoni harbiy orkestr jamoasi mehmonlarga o‘zlarining konsert dasturini ham taqdim etishdi. Kunning ikkinchi qismida esa tadbir ishtirokchilari uchun harbiy qismda yaratilgan shart-shaoitlar, zamonaviy qurol-aslahalar namoyish qilindi.

Kun davomida o‘tkazilgan tadbirlarda faollik ko‘rsatgan bir guruh yoshlar qo‘mondonlik tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni