Qahramonlar nomi barhayot

0
729

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli Yangiyoʻl tumanidagi harbiy qismda “Milliy armiyamiz Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida “Qahramonlar nomi barhayot!” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Unda Surxondaryo viloyatining togʻli hududlarida Vatanimiz sarhadlariga suqilib kirish niyatida boʻlgan gʻarazli toʻdalarga qarshi kurashda mardlik koʻrsatib, qahramonlarcha halok boʻlgan katta leytenant Shermuhammad Ashirovning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Qahramonimizning onasi Munisxon aya Ashirova va oila aʼzolari, Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi boshqaruvi boʻlim boshligʻi Majid Umarov, maʼnaviyat targʻibotchilari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar, askar va oʻquvchilar ishtirokida oʻtgan tadbirda mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish yoʻlida xizmat majburiyatlarini fidokorona bajarish masʼuliyati va sharafi xususida soʻz bordi. Yosh avlodga bu boradagi oʻgit va nasihatlar hayotiy misollar asosida yetkazildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, 1975-yili Yangiyoʻl tumani Xalqobod qoʻrgʻonida tugʻilgan Shermuhammad Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ilk bitiruvchilaridan. Yosh ofitser bilim yurti diplomini olgach, Buxoro, Kogon, Chirchiq shaharlaridagi harbiy qismlarida xizmat qilgan. 2000-yili Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan qahramonimiz II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan. Shermuhammad Ashirov oʻqigan Yangiyoʻl tumanidagi 28-maktabda unga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi qad rostlab turibdi. Yangiyoʻl tumani hokimining qarori bilan Xalqobod qoʻrgʻonidagi koʻchalardan biriga uning nomi berilgan.

Samimiy muloqot soʻngida tadbir ishtirokchilari qahramonimizning 28-maktabda barpo etilgan yodgorlik majmuasi poyiga gulchambar qoʻydilar. Matonati va jasorati bilan yoshlarga oʻrnak namunasini koʻrsatgan Shermuhammad Ashirovning nomi qalblarda mangu yashaydi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti