Qurolli Kuchlar akademiyasi “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining finali o‘tkazildi

0
1767

Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalar hamda oliy harbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida har yili anʼanaviy tarzida oʻtkazib kelinayotgan “Quvnoqlar va zukkolar” jamoaviy oʻyinlari tanlovining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi.

Harbiy xizmat jozibadorligini oshirish, Vatan himoyachilarining badiiy, ijodiy va intellektual salohiyatlarini yuksaltirish, shaxsiy tarkibning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va madaniy hordiq chiqarishlarini taʼminlashga qaratilgan tanlovda namoyish etilgan sahna koʻrinishlari koʻp bora tomoshabinlarning olqishiga sazovor boʻldi. “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevori!” shiori ostida tashkil etilgan tanlov ishtirokchilarini shaffof va xolisona baholash maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari hamda ijodiy uyushmalardan malakali mutaxassislar hakamlar hayʼati tarkibiga jalb etildi.

Harbiy okruglar va qoʻmondonliklarning harbiy qism va muassasalaridan iborat 7 ta, oliy harbiy taʼlim muassasalarining 4 ta jamoalari bellashgan bahslar natijalari quyidagicha boʻldi:

  • Harbiy qism va muassasalar orasida Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi 1-, Sharqiy harbiy okrug 2-, Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi jamoasi esa 3-oʻrinni egalladi;
  • Oliy harbiy taʼlim muassasalari orasida Qurolli Kuchlar akademiyasi 1-, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti 2-, Oʻzbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti jamoasi esa 3-oʻringa munosib topildi.

“Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasini esa kichik serjant Bigiz Kashkenbayev hamda Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursanti Akbar Abzhalbekov qoʻlga kiritdi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti