Harbiy qismda Togʻay Murod va Muhammad Yusuf ijodiy kechasi

0
706

Oʻzbek adabiyotining zabardast namoyondalari Togʻay Murod va Muhammad Yusuf ijodidan bexabar yurtdoshimiz kamdan-kam topilsa kerak. Sevimli adiblarimizning hayoti, ijod yoʻli, asarlarining yaratilish tarixini esa hamma ham bilavermaydi.

Maʼsuma Ahmedova hamda Nazira As-Salom. Bu ikki mushtipar ayol adabiyotimizning zabardast namoyondalari bilan umrguzaronlik qilish bilan birga ularning merosini oʻrganishda, biz bilmagan qirralarini kelajak avlodga yetkazishda kamarbasta boʻlishmoqda. Adabiyotimiz xazinasiga “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Momo yer qoʻshigʻi”, “Otamdan qolgan dalalar” kabi oʻlmas asarlar, “Xalq boʻl elim”, “Ulugʻimsan Vatanim”, “Erka kiyik”, “Yolgʻonchi yor”, “Bevafo koʻp ekan”, “Tanish teraklar”, “Bulbulga bir gapim bor”, “Iltijo”, “Ishq kemasi”, “Koʻnglimda bir yor” singari umrboqiy sheʼriy toʻplamlarni meros qoldirgan bu ikki ijodkorning sermahsul ijodida Maʼsuma Ahmedova hamda Nazira As-Salomning oʻrni beqiyos. Aniqroq qilib aytganda ular taniqli adib va shoirimizning hayot yoʻldoshlari, oʻlmas asarlarining ilhom farishtalaridir.

Xalqimizning har ikki sevimli ijodkorini ham XX asrning 70-yillarida adabiyot osmonida yarq etib yaraqlagan yulduzga tenglashtirish mumkin. Chunki Togʻay Murod ham, Muhammad Yusuf ham 70-yillarning oxirida oʻzining ilk kitoblari bilan oʻsha davr adabiy muhitiga yangicha yoʻnalishlarni olib kirishga muvaffaq boʻlgan.

Chirchiq garnizonida joylashgan Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismda Maʼsuma Ahmedova va Nazira As-Salom adiblarimizning ijodiga bagʻishlangan adabiy kecha tashkillashtirildi. Kecha davomida Togʻay Murod va Muhammad Yusuf ijodining shinavandalari boʻlgan harbiy uchuvchilar sevimli yozuvchilari haqida bir-biridan qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻlishdi. Maʼsuma Ahmedova turmush oʻrtogʻi Togʻay Murod haqida uning ilk qissasi – “Yulduzlar mangu yonadi” yozilish tarixi, qissadagi personajlar, ular orqali yoritilgan syujetlar haqida gapirib berdi. Shuningdek, “Ot kishnagan oqshom” asarining Moskvadagi muvaffaqiyati, kavaleriya polkida xizmat qilgan urush faxriysining eʼtirofi, adibning tarjimalari va boshqa qissa hamda romanlarining yozilish tarixlariga toʻxtalib oʻtdi.

Muhammad Yusufning turmush oʻrtogʻi Nazira As-Salom va harbiy uchuvchilar oʻrtasida doʻstona aloqalar oʻrnatilgan desak adashmaymiz. Chunki har yili ushbu qo‘mondonlik harbiy xizmatchilari poytaxtimizdgi Adiblar xiyobonida sevimli shoirning tavallud kuniga bagʻishlangan ijodiy kechalarda qatnashish anʼanaga aylangan. Shunday boʻlsada har safar tinchligimiz posbonlari Nazira As-Salomdan Muhammad Yusuf haqida qayta-qayta jonu-dildan eshitishadi. Har safar oʻzlari uchun sevimli shoirning yangi qirralarini kashf etishga harakat qilishadi. Kecha davomida bu anʼana davom ettirildi. Nazira As-Salom xalq shoirining qoʻshiq qilib kuylangan sheʼrlari “Ulugʻimsan Vatanim”, “Bobodehqon”, “Xalq boʻl elim” haqida qimmatli maʼlumotlarni yigʻilganlarga yetkazdi.

Tadbir davomida kitobsevar harbiy xizmatchilar sevimli adiblarining ijodiga hurmat maʼnosida ularning asarlaridan naʼmunalar oʻqishdi. Ijodiy kecha yakunida Nazira As-Salom harbiy uchuvchilarga shoirning kitoblaridan sovgʻa qildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti