Nukusdagi “Vatanparvarlar bogʻi”da harbiy navolar yangradi

0
659

Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy kasbga qiziqishini oshirish, yoshlarning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish maqsadida Nukus shahrida bunyod etilgan “Vatanparvarlar bogʻi”da vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 31 yilligi bayrami munosabati bilan “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlaridan yoshlar ishtirok etdi.

Namoyishga qoʻyilgan zamonaviy qurol-aslahalarning taktik-texnik tavsifi, ulardan foydalanish qoidalari hamda zirhli texnikalar koʻrgazmasi yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, faxriy qorovul vzvodining qurol yordamida oʻzgacha saf elementlari hamda qoʻl jangi bilan koʻrgazmali chiqishlari to‘planganlarga zavq ulashdi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy orkestri hamda Ichki ishlar vazirligiga qarashli “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyining ijodiy jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar qishning sovuq kunida bogʻ ichiga iliqlik taftini ulashib, barchani raqsga chorladi.

Bogʻ ichida joylashgan “Xotira muzeyi”ga harbiylar va yoshlar sayohati qiziqarli kechdi. Ekskursiya davomida qoraqalpogʻistonlik yoshlar turli viloyatlardan kelgan askarlarga qoraqalpoq xalqining Ikkinchi jahon urushiga qoʻshgan hissasi haqida soʻzlab berishgan boʻlsa, askarlar oʻsha vaqtda foydalanilgan harbiy jangovar texnikalar toʻgʻrisida maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati