“Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashida “Rais va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi

0
792

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashida “Rais va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Videoanjuman shaklida oʻtgan tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti tizimida faoliyat yuritayotgan 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan xodimlar va sportchilar tashkilot markaziy kengashi raisi Husan Botirov bilan ochiq va samimiy muloqot qildi. Uchrashuvda Husan Botirov “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish va ommaviy texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha amalga oshirib kelinayotgan keng qamrovli ishlarda tashkilotning yosh xodimlari va sportchilari oʻrni beqiyos ekanini taʼkidladi. Shuningdek, yaqin kunlarda “Vatanparvar” tashkiloti yoshlarining saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash hamda ularni mehnatlari va muvaffaqiyatlariga yarasha munosib ragʻbatlantirib borishga qaratilgan bir qator mexanizmlar joriy etilishini maʼlum qildi.

Oʻz navbatida tadbirda tashkilotning yosh xodimlari va sportchilari soʻzga chiqib, ularni oʻylantirib kelayotgan ayrim masalalar hamda tashkilot faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi takliflarini bildirdilar. Yoshlar tilga olgan muammolar ushbu tadbirning oʻzidayoq bartaraf etildi va ularning joʻyali fikr-mulohaza va takliflari inobat olinishi qayd etildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, mazkur tashkilot oʻz muassasalarini yosh, sergʻayrat va shijoatli, yuqori malakaga ega kadrlar bilan toʻldirish masalasiga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

Tashkilot tizimida 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan xodimlar va sportchilarning jami soni 685 nafarni tashkil etib, shulardan 32 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotir. “Vatanparvar” tashkiloti sportchilari oʻtgan 2021-yilda 3 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medallariga sazovor boʻlgan boʻlsa, 2022-yilda esa 6 ta oltin, 6 ta kumush va 13 ta bronza medallariga sazovor boʻldi. Ushbu muvaffaqiyatlarning 90 foizdan ortigʻi yosh sportchilarning ulushiga toʻgʻri keladi. Mamlakatimizda va MDH, Osiyo va jahonda oʻtkazilgan musobaqalar va chempionatlarda yuqori oʻrinlarga sazovor boʻlgan sportchilarning mehnati besamar ketmadi. Ular respublikamizning yetakchi oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda oʻqishga kirdilar. Hozirda ushbu imtiyozdan foydalanib, oliy oʻquv yurtlarida grant asosida oʻqiyotgan “Vatanparvar” tashkiloti sportchilarining soni 42 nafarni tashkil etadi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti