Qashqadaryoning olis hududlarida vatanparvarlik festivallari oʻtkazilmoqda

0
586

Qashqadaryo viloyatining olis Koʻkdala tumanida “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida harbiy vatanparvarlik tadbiri boʻlib oʻtdi. Viloyat va tuman hokimliklari, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilari, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, shuningdek, yana qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir hududning 500 nafardan ortiq yoshlarini qamrab oldi.

Tadbir davomida Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan yoshlarda mavjud toʻgaraklar faoliyati, harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari yoshlarda katta taassurot qoldirib, ularda harbiy kasbga boʻlgan qiziqishini yanada oshirdi.

Jarayonlarda turli sohalarda oʻtkazilgan musobaqalarda muvaffaqiyat qozongan faol yoshlar hamkor tashkilotlar tomonidan faxriy yorliq, diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Viloyatning taniqli xonandalari hamda harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar tuman ahliga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi. Bu kabi keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy bayram dasturlari viloyatning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati