Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutida xalqaro harbiy-ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi

0
778

Harbiy xizmatchilar orasidagi jamoatchilik fikrini va harbiy jamoalardagi ijtimoiy-psixologik muammolarni oʻrganish, ularning sabablarini aniqlash va salbiy hodisalarning oldini olish zarurati harbiy sotsiologiya fanining rivojlanishiga sabab boʻlmoqda.

Harbiy xizmatchilarning qalbi va ongiga vatanparvarlik fazilatlarini singdirish, yot gʻoyalarga qarshi kurashish, xorij mamlakatlarining tajribasini oʻrganish, fikr almashish, muhokama qilish hamda bilimlarni yanada yuksaltirish har qachongidan ham dolzarb va muhim boʻlib bormoqda.

Ayni shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti xodimlari ishtirokida “Harbiy sotsiologiyaning harbiy xizmatchilarda vatanparvarlik hissini oshirishdagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro harbiy-ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Unda oliy harbiy taʼlim muassasalari, harbiy okruglar va xorijiy ekspertlar, mutaxassislar ishtirok etdi.

Konferensiya davomida harbiy va ijtimoiy soha vakillarining fan boʻyicha turli yondashuvlari tahlil qilindi. Shuningdek, harbiy sotsiologiya yoʻnalishining rivojlanishiga hissa qoʻshgan tadqiqotlar va ushbu tadqiqotlarda qoʻllanilgan metodlar toʻgʻrisida maʼruzalar tinglandi.   Mazkur konferensiyadagi maruzalar va bildirilgan takliflar harbiy xizmatchilarning bilimi va dunyo qarashini kengaytirish imkonini beradi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti