Markaziy harbiy okrugda “Vatanparvarlik oyligi”ga yuqori kayfiyatda start berildi

0
778

Oʻzbekiston Prezidentining 2022-yil 14-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan mamlakatimizda “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida joylarda taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar, sportchilar, harbiy xizmatchilar va jamoat tashkilotlari vakillarini jalb etgan holda aholining keng qatlamlari orasida madaniy-maʼrifiy, harbiy vatanparvarlik va sport tadbirlari oʻtkazilishi belgilangan.

Ushbu farmoyishga muvofiq okrug tasarrufidagi Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizonlarida aholi va yoshlar ishtirokida “Vatanparvarlik oyligi”ga start berildi. Unda viloyat hokimligi, Markaziy okrug qo‘mondonligi, keng jamoatchilik vakillari, aholi va yoshlar ishtirok etdi.

Har bir viloyatning markazida o’tkazilgan harbiy vatanparvarlik festivallarida so‘zga chiqqanlar yurtimizda ushbu oylik davomida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida milliy ruhni shakllantirish maqsad qilinganini ta’kidlab, mazkur oylikda hammani faol ishtirok etishga chorlashdi.

Viloyat markazlarida start olgan ushbu festivallar va turli madaniy-maʼrifiy, harbiy vatanparvarlik va sport tadbirlari endilikda harbiy ma’muriy sektor a’zolari bilan tuzilgan yo’l xaritasiga ko‘ra viloyatlarning eng olis hududlarda ham o‘tkaziladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati