Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondoni Urganch garnizonida sayyor qabul oʻtkazdi

0
998

Xorazm viloyatining Urganch shahri va Shovot tumanida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalarning harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolari ishtirokida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining sayyor qabuli boʻlib oʻtdi.

Harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda yordam koʻrsatish, muammolarini oʻrganish, bir soʻz bilan aytganda ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash va jangovar-xizmat faoliyatida qulayliklar yaratish maqsadida oʻtkazilgan qabulda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik  Farhodjon Shermatov hamda harbiy okrug boshqaruv apparatining mansabdor shaxslari ishtirokida murojaatchilarning muammolari tinglandi.

Harbiy xizmatchilarni qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, eng avvalo xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu-tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu gʻoyaning amaliy ifodasini namoyon etish maqsadida oʻtkazilgan sayyor qabulda harbiy okrugdan jami 70 nafar murojaatchining muammolari tinglandi.

Jumladan, sayyor qabul davomida 2 ta murojaat harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlarining mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirish, 13 nafar harbiy xizmatchilarni boshqa lavozimga oʻtkazish boʻyicha, 25 nafari imtiyozli ipoteka kreditlari asosida belgilangan tartibda uy-joy bilan taʼminlash, 6 tasi moliya hamda boshqa masalalar boʻyicha murojaatlar qabul qilindi. 13 ta murojaat sayyor qabulning oʻzida oʻz yechimini topib, harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining roziligiga erishildi.

Koʻpchilikni yillar davomida qiynab kelgan muammoli masalalarga yechim topish, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolariga koʻmak berish, ish bilan taʼminlash hamda farzandlarini maktabgacha taʼlim hamda umumtaʼlim muassasalariga joylashtirishda yordam koʻrsatish boʻyicha qaror qabul qilinib, har bir muammo atroflicha oʻrganilishi boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati