Faxriylar Mudofaa vaziri Kubogi uchun bellashmoqda

0
923

Yakshanba kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi futbol maydonida kuch tuzilmalari faxriylari oʻrtasida “Mudofaa vaziri Kubogi” bahslariga start berildi. Mazkur musobaqa Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilmoqda va unda sakkiz jamoa ishtirok etyapti.

Jamoalar “A” va “B” guruhlariga boʻlingan holda uchtadan uchrashuv oʻtkazib, yarim final yoʻllanmasi uchun kurash olib boradi. Turnirning ochilish oʻyinida Mudofaa vazirligining FK “Mudofaa-1” hamda Milliy gvardiya qoʻshinlarining “Gvardiyachi” faxriylari maydonga tushdi. Qiziqarli bahsda FK “Mudofaa-1” raqib darvozasiga javobsiz yettita toʻp kiritdi. Gollarning oltitasi polkovnik Shavkat Mamajonov hisobiga yozildi. “B” guruhidagi birinchi uchrashuv 3:2 hisobida yakunlanib, “Mudofaa-2” jamoasi IIV “Posbon” faxriylar jamoasini kichik farq bilan dogʻda qoldirdi. “Chegarachi” va “Veteran” jamoalari oʻrtasidagi oʻyinda faxriy chegarachilarning qoʻli baland keldi – 3:1.

Eʼtibor berganingizdek, musobaqada Oʻzbekiston Respublikasi DDX, DXX Chegara qoʻshinlari, Mudofaa hamda Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlari birlashmasi jamoalari gʻoliblik uchun bahs olib bormoqda. Turnir 2023-yil 15-yanvargacha davom etadi va shu kuni final bahsida kuch tuzilmalari faxriylari oʻrtasidagi “Mudofaa vaziri Kubogi”ning navbatdagi gʻolibi aniqlanadi.

Yashil maydonda toʻp surayotgan faxriylar orasida bir paytlar sobiq MHSK jamoasi tarkibida Oʻzbekiston chempioni va faxriylar oʻrtasida “Antaliya sokker cup-2022” turniri sovrindorlari boʻlgan faxriy harbiy xizmatchilar borligi musobaqaning murosasiz kurashlarga boy boʻlishini taʼminlamoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommviy kommunikatsiyalar departamenti