Markazda harbiy mutaxassislikka ega bo‘lgan bir guruh yoshlar tahsilni tamomladi

0
656

2019 yildan o‘z faoliyatini boshlagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazida navbatdagi bitiruv tantanasi o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2018 yil 12 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining ayrim ta’lim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, o‘quv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda operativ boshqarish huquqi asosida Mudofaa vazirligi qabul qilib olgan edi.

Markaz armiya uchun “V” va “S” toifasidagi yengil va og‘ir harbiy avtomobillarni boshqaradigan haydovchilar, “Dizelchi-eletrik” va “Oshpazlar”ni yetishtirish barobarida yoshlarni ma’naviy-axloqiy hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalab keladi.
Ta’kidlash joizki, markazda ta’lim olayotgan kursantlarnng oziq-ovqat, kiyim-kechak va maishiy ta’minoti davlat byudjeti tomonidan qoplanadi. Har yili markaz 110 nafar qoraqalpog‘istonlik yoshlarga ta’lim-tarbiya berib, kasbga o‘qitadi hamda armiya saflariga ketish uchun tayyorlab beradi. O‘qish muddati uch oy bo‘lib, unda aniq, gumanitar-ijtimoiy, texnik hamda boshqa fanlar bilan bir qatorda dastlabki harbiy tayyorgarlik ham o‘qitib boriladi. Demakki, bu yerni tamomlagan yoshlar harbiycha hayot tarziga anchagina ko‘nikib, armiya saflariga yo‘l oladi.

Markazda o‘quvchilarning navbatdagi bitiruvi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi mas’ul ofitserlari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda bitiruvchilarning yaqinlari qatnashdi.
Marosimda harbiy xizmatga qadar tayyorlov kurslarini o‘tagan hamda mutaxassislikka ega bo‘lgan 55 nafar yoshlarga tegishli sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi. Tadbirda namunali hulqi, o‘qishda erishgan yutuqlari bilan alohida ajralgan bir guruh yoshlar markaz ma’muriyatining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Nukus garnizonidagi Faxriy qorovul vzvodi hamda markaz bitiruvchilari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlar tantanaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Mutaxassislikka ega bo‘lgan yoshlar ona Vatanni ko‘z qorachig‘idek asrashga, el-yurtimiz, xalqimizga xizmat qilishga va’da berdi.

Ta’kidlash joizki, markazda kursantlarning sifatli ta’lim olishi hamda mutaxassislik egallashi uchun 10 dan ortiq o‘quv xonasi, pnevmatik miltiqdan o‘q otish uchun tir, texnikalarni saqlash bokslari, sport zali, kutubxona, yotoqxona, oshxona hamda boshqa maishiy inshootlar mavjud. Nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash tizimining samarali bo‘lishini ta’minlash uchun markazdagi laboratoriyalarda o‘quv-mashq texnikalaridan keng foydalaniladi. Ta’lim-tarbiya jarayoniga 8 nafar o‘qituvchi hamda 4 nafar yo‘riqchilar jalb etilgan bo‘lib, yoshlar bilan ham jamoaviy, ham individual ishlash tamoyili asosida mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Uch yo‘nalishda tahsil olayotgan kursantlar guruhining har birida 20 nafardan yoshlar ta’lim oladi. Alohida aytish lozimki, mazkur ta’lim muassasasini tamomlagan kursantlar birinchilar qatori ta’lim olgan mutaxassisligi bo‘yicha muddatli harbiy xizmatga olinadi. Texnikalarni amaliy boshqarishni o‘rgatish uchun markazda 3 ta yuk hamda 2 ta yengil avtomobil mavjud. Nukus shahri chetida joylashgan avtodrom hamda muassasadagi maydonda muntazam mashqlar bajariladi. Albatta, bunda avval kursantlar mashg‘ulotlarni elektron trenajyorlarida bajarib, shundan keyingina mahoratini dala-o‘quv maydonida mustahkamlaydi.

Kursantlarning jismonan barkamol bo‘lib voyaga yetishi hamda sog‘lom turmush tarzini odat qilib borishi uchun markaz qoshida faoliyat yuritayotgan boks, qo‘l jangi, o‘q otish sporti hamda aviamodelchilik to‘garaklarining o‘rni muhim bo‘lmoqda. Muntazam o‘tkazilayotgan musobaqa va tanlovlar esa bo‘linmalarda sog‘lom, raqobatbardosh muhitni ta’minlab,yoshlarda yetakchilik qobiliyatining shakllanishiga hissa qo‘shmoqda. Kutubxonadagi kitobxonlik kechalari, kursantlardan iborat badiiy havaskorlik to‘garagi tomonidan tayyorlanayotgan hamda o‘zida milliy urf-odat va an’analarni aks ettirgan qo‘rgazmali chiqishlar Nukus shahridagi ko‘plab ta’lim muassasalarda namoyish etilmoqda. Markazda tahsil olish uchun nomzodlar tuman, shahar mudofaa ishlari boshqarmasiga murojaat etishi hamda belgilangan saralash bosqichlaridan o‘tishi kerak bo‘ladi. Eng sara yigitlar ushbu ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati