Qoraqalpogʻistondagi eng olis ovullardan biriga harbiylar saxovat ulashdi

0
763

Olis manzillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sust boʻlgan qishloq va ovul ahliga amaliy yordam koʻrsatish, ular holidan xabar olish, moddiy va maʼnaviy koʻmak berish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxtakoʻpir tumanining “Qoniratkoʻl” ovuliga “Xalq va armiya – bir tanu, bir jon!” shiori ostida “Saxovat va Vatanparvarlik karvonlari” yetib bordi.

Mamlakatimizda oʻsib kelayotgan yosh avlodning taʼlim tizimini yangi bosqichga chiqarish, chekka ovul va qishloqlarda bolalarning oʻqishi uchun shinam va koʻrkam sharoitlar yaratish maqsadida joriy yil kapital taʼmirdan chiqqan ovulning qozoq tiliga ixtisoslashgan 18-son umumtaʼlim maktabida “Armiya va yoshlar” deb nomlangan vatanparvarlik festivalidan boshlandi.

Unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ishtirok etib, bugun mamlakatimizdaolib borilayotgan islohotlar zamirida yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sodiqlik, fidoyilik ruhida tarbiyalash kabi olijanob maqsadlar mujassam ekanligini taʼkidladi. Farzandlarimiz hech kimdan kam boʻlmay kamol topishi uchun barcha kuchlar safarbar etilayotganini eʼtirof etdi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalari harbiy orekstr tomonidan ijro etilib, oʻquvchi yoshlar va harbiy xizmatchilar joʻrligida kuylandi. Vatanparvarlikni tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar, shodon navolar ovul ahli va oʻquvchilarga bir olam shodlik ulashib, bayramona kayfiyat hadya etdi.

Qoniratkoʻlliklarga salomatlik ulashish maqsadida kelgan Nukus harbiy gospitali mutaxassislari tomonidan aholi va bolalar uchun begʻaraz tibbiy koʻriklar oʻtkazilib, tezkor laboratoriya tashhisi, ultratovushli apparat tekshiruvi hamda boshqa shifokorlarning sayyor qabuli tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, kapital taʼmirdan chiqqan ushbu maktabning chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqitish samaradorligini oshirish, moddiy-oʻquv bazalarini takomillashtirish, yoshlarni armiyaga sifatli tayyorlash tizimini yuksaltirish maqsadida harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan sinfxona va foye qismiga koʻrgazmali plakatlar, harbiy anjom-aslahalar hamda qurollarning maketlari taqdim etildi.

Mehr-saxovat, muruvvat va insoniylik tamoyillariga asoslangan xayriya tadbirlari harbiy okrug tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining boshqa chekka ovullarida ham davom ettiriladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati