Harbiy-vatanparvarlik qo‘shiqlari saralandi

0
2241

Qurolli Kuchlar akademiyasida “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” nomli harbiy-vatanparvarlik qo‘shiqlari ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Tanlovda Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqa idoralardan 35 nafardan ortiq harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida ijod qilib kelayotgan professional ijodkorlar, havaskor badiiy jamoalar, ansambllar, yakka ijrochilar, harbiy xizmatchilar “Saf qo‘shiqlari”, “Estrada qo‘shiqlari” va “Lirik qo‘shiqlar” yo‘nalishlarida o‘z ijro mahoratini namoyish etdi.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bellashuvda ishtirokchilarning chiqishlarini O‘zbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining malakali mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati shaffof va xolisona baholab bordi. Bunda qo‘shiq matni mazmuni va musiqasining badiiy saviyasi tanlov maqsadiga mosligi, ijrochining mahorati, sahna madaniyati va rejissurasiga alohida e’tibor qaratildi.

– Ushbu tanlovdan asosiy maqsad yoshlar va harbiy xizmatchilarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi, mardlik va matonatni madh etuvchi, milliy armiyamizdan g‘ururlanish hissini uyg‘otuvchi harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi yangi musiqiy asarlarni yaratish, qo‘shiqlarni keng targ‘ib etish va ommalashtirishdan iborat, – deydi polkovnik Valijon Dadajonov. – Tanlov davomida san’atga oshno harbiy xizmatchilar milliy o‘zligimizni anglash, harbiy xizmatning nufuzini oshiruvchi harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi qo‘shiqlarni mahorat bilan ijro etishdi. Mazkur musiqiy asarlar orqali harbiy ijodiy jamoalarning konsert repertuari va mazmuni yanada boyigani shubhasiz. Ushbu tanlov milliy madaniyat va sanʼatni qo‘llab-quvvatlashda muhim loyiha bo‘lib, mamlakatimizning barcha hududlaridagi iqtidorli harbiy yoshlarni kashf etishga xizmat qiladi.

Yakuniy natijalarga koʻra, “Saf qo‘shiqlari” yo‘nalishi bo‘yicha Mudofaa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi “Impuls” harbiy ansambli jamoasi 1-o‘rinni egalladi. “Estrada qo‘shiqlari” yo‘nalishi bo‘yicha Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xor jamoasi “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” va “Lirik qo‘shiqlar” yo‘nalishida esa Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi xonandasi kichik serjant Solihxo‘ja Jiyanov “Jigitter” nomli qo‘shiqlari bilan 1-oʻringa loyiq deb topildi. Ko‘rik-tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti