Jamoatchilik kengashining yil yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

0
823

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi milliy armiyamiz va aholi oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yurt himoyachilarining manaviyatini yuksaltirish va jangovar shayligini oshirishda oʻzining salmoqli hissasini qoʻshib kelmoqda. Jamoatchilik kengashining samarali faoliyati xalqimiz va milliy armiyamiz oʻrtasidagi uzviy birlikni, hamfikrlik va yakdillikni yanada mustahkamlashga erishish bilan bir qatorda mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik masalalarida olib borilayotgan davlat siyosatini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining 2022-yil yakunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligiga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Jamoatchilik kengashi raisi, Oʻzbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, Oliy Maslis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmita raisi Qutbiddin Burxanov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minxojiddin Hojimatov va boshqalar, shuningdek, videokonfrens-aloqa orqali kengashning hududiy boʻlinmalari vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda kengash faoliyatining oʻtgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlari sarhisob qilindi. Faol, tashabbuskor aʼzolar, hududiy boʻlinmalar alohida eʼtirof etildi. Kamchilikka yoʻl qoʻyayotgan hududiy boʻlinmalarga samaradorlikka erishish yoʻlida tegishli koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, faoliyat rivoji yoʻlida koʻplab takliflar oʻrtaga tashlandi va shu yerning oʻzida mukohama etildi.

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev qoʻshinlar bilan ishlashda bu kabi samarali usullar oʻzining ijobiy natijasini berayotganini taʼkidlab, barcha hamkor tashkilotlarga oʻz minnatdorligini bildirdi.

Yigʻilish davomida Jamoatchilik kengashining 2023-yil davomida belgilangan vazifalar asosidagi faoliyat ish rejasi boʻyicha taklif va mulohazalar tinglanib, ochiq ovoz berish yoʻli bilan tasdiqlab olindi.

Katta leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti