Harbiy okrugda Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat bayrogʻi qabul qilingan sana nishonlandi

0
835

“Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun 14-dekabr 1992-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining XII sessiyasida qabul qilingan. Sana munosabati bilan Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Shuhrating porlasin toki bor jahon!” nomli madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi, Nukus harbiy prokuraturasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi, Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti, Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat Pedagogika instituti,  Nukus shahar maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlinmasidan vakillar, oʻquvchi-yoshlar hamda harbiy xizmatchilar qatnashdi.

Tadbirdan soʻz olganlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat bayrogʻining yaratilish tarixi va undagi ramziy timsollarning mazmuni, huquqiy asoslari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berishdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston davlat madaniyat va sanʼat instituti Nukus filiali, “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi ijodkorlari hamda harbiy orkestr jamoasi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi nomidan yil davomida faollik koʻrsatgan Jamoatchilik kengashi aʼzolari faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati