Chirchiqda “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari bilan o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

0
737

Bugungi kunda yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash hamda harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida tuzilgan “Vatan tayanchi” otryadlari esa ertamiz egalarining sharafli sohadan xabardor bo‘lishi, harbiy kasb bo‘yicha ilk tushuncha va ko‘nikmalarga ega chiqishlarida muhim o‘rin tutmoqda.

Toshkent shahrining Bektemir va Mirobod tumanlaridagi umumta’lim maktablarida tuzilgan “Vatan tayanchi” otryadlari bilan Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” umumqo‘shin poligoniga ekskursiya tashkil etildi. O‘quvchilar dastlab dala-o‘quv maydonida yurt himoyachilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar  tomonidan qurol-aslahalarning tuzilishi, ularni qo‘llash tartib-tamoyillari xususida otryad a’zolariga kerakli ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Mudofaa vazirligining barcha harbiy qism va muassasalari, shuningdek, dala-o‘quv maydonlari ham zamonaviy ko‘rinish kasb etgan. Harbiy xizmatchilar kasbiy mahrotlarini oshirish uchun xalqaro standartlarga to‘laqonli javob beradigan moddiy o‘quv ba’za bilan ta’minlangan. “Chirchiq” dala-o‘quv maydonidagi qulayliklar ham Vatan himoyachisi bo‘lishni maqsad qilgan o‘g‘il-qizlarda katta taassurot qoldirdi. Samimiy savol-javoblar, harbiy xizmatchilarning shijoati va jasorati yoshlarga chinakam motivatsiya berdi.

Shu kuni o‘quvchi yoshlar bilan AK-74 avtomatidan o‘q otish mashqlari ham amalda bajarib ko‘rildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy axborot kommunikatsiyalar departamenti