“Eng ilgʻor obyekt komendanti” koʻrik-tanlovining qoʻmondonlik bosqichi o‘tkazildi

0
1110

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismda “Eng ilgʻor obyekt komendanti” koʻrik-tanlovining uchinchi, yaʼni qoʻmondonlik bosqichi boʻlib oʻtdi.

Respublikaning deyarli barcha hududlaridagi harbiy qismlardan birinchi va ikkinchi bosqichlarda saralanib, shu yerga qadar yetib kelgan harbiy xizmatchilar nazariy, amaliy hamda jismoniy tayyorgarlik boʻyicha oʻzaro bellashdi.

Ikki kun davom etgan koʻrik-tanlovning birinchi kuni saf koʻrigidan boshlandi. Shundan soʻng tanlovning nazariy qismida ishtirokchilarning bilim va ko‘nimalari sohaga oid test savollari orqali sinovdan oʻtkazildi.

Musobaqaning ikkinchi kunida esa ishtirokchilardan amaliy sinovlar olindi. Xususan, belgilab berilgan qisqa topshiriqlarni koʻrik-tanlov qatnashchilari hayʼat tarkibi uchun namoyish etib berdi. Shuningdek, turnikda tortinish, qisqa va uzoq masofaga yugurish bo‘yicha meyorlar bajarilib, harbiy xizmatchilarining jismoniy tayyorgarligi yana bir bor ko‘zdan kechirildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismdan kelgan harbiy xizmatchi 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2-oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi harbiy qismdan kelgan harbiy xizmatchiga nasib etdi. Samarqand viloyatidagi harbiy qism harbiy xizmatchi esa kuchli uchlikka yakun yasadi. Gʻolib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti