Aloqa va axborot texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash davr talabi

0
1345

Mudofaa vazirligi bo‘linmalarida zamonaviy aloqa va axborot-kommunikatsiya tizimlarining joriy etilishi, elektron ma’lumotlar almashinuvi, bo‘linmalar harakatini onlayn nazorat qilish, himoyalangan aloqa tizimlari, mobil aloqa texnikalarining modernizatsiya qilinishi raqamlashib borayotgan davr talabi.

Joriy etilgan va etilayotgan aloqa va axborot tizimlarini qo‘shinlarning kundalik va jangovar faoliyatida to‘g‘ri qo‘llash, ularni ekspluatatsiya qilish hamda uzluksiz ishlashni ta’minlashda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj kundan kunga oshib bormoqda. Aloqa va axborot texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash va muntazam ravishda ularning malakasini oshirib borishni ham zamon talab qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli aloqachilar harbiy qismida joylashgan Aloqa va axborot texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash markazining tashkil etilishi ham bejiz emas. Bugun ushbu markaz o‘zining uchinchi potok guruhlarini malakasini oshirmoqda. Tinglovchilar tajribali ustoz yo‘riqchilardan “Telekommunikatsiya tizimlari”, “Radio va kosmik aloqa”, “Axborot texnologiyalari va tizimlari”, “Axborotlarni kriptografik himoyalash va kiberxavfsizlik” kabi to‘rtta siklda o‘z malakalarini oshirmoqda.

“Telekommunikatsiya tizimlari”

– Markazimizda harbiy xizmatchilarning aloqa va axborotlashtirish vositalarini amalda qo‘llash hamda qo‘shinlarning boshqaruv tizimida samarali foydalanish bo‘yicha malakasi oshiriladi, – deydi markazning sikl boshlig‘i kapitan Asilbek Shamsiddinov. – Markazimizning asosiy faoliyati mutaxassislarga aloqa va axborotlashtirish vositalaridan mo‘ljallanishiga ko‘ra foydalanish va qo‘shinlarni boshqarishda samarali qo‘llashni o‘rgatish hamda malakasini oshirishdan iborat. Tasdiqlangan kvota bo‘yicha har oyda nomzodlar ro‘yxati shakllantirilib, harbiy mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitiladi. Ta’lim jarayonlari har yili o‘quv-moddiy bazalarni takomillashtirish tadbirlari uchun ajratilgan vaqtdan tashqari o‘quv yili davomida amalga oshiriladi. 18 kundan iborat bo‘lgan (108 soat) kurs davomida harbiy xizmatchilarning bilim darajasi tekshirib boriladi.

  • Bu yerda biz dastlabki o‘quv kunlaridan boshlab so‘ngi modeldagi texnologiyalar haqida tushincha olmoqdamiz. Jumladan, optik kabel turlari, ularning tuzilishi, payvandlash turlari kabi tushinchalarni oldik, – deydi kichik serjant Azizjon Erkinboyev. – Bu yerdagi mashg‘ulotlar nazariy va amaliy holda olib borilayotganligi, o‘zimizdagi ko‘nikmani to‘g‘ri shakllanishida asos bo‘lmoqda. Bundan tashqari tarmoqlardagi kommutatorlar haqida tushinchalar olib, ularni masofadan boshqarish, programmalashtirish va qo‘shimcha funksiyalar bilan ishlash bo‘yicha tajribalarimiz oshirrildi.

“Radio va kosmik aloqa”

– Aloqa va axborot texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash markazining tashkil etilishi bizdek soha mutaxassislari uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi kichik serjant Umidaxon Maxmudova. – Biz bu yerda ustoz yo‘riqchilar berayotgan yangiliklardan tashqari, safdoshlarimizning ilmiy tajribalari bilan ham o‘rtoqlashishdek imkoniyatga ega bo‘lmoqdamiz. Bu yerda asosan raqamli radioaloqa mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari ochilgan bo‘lib, tinglovchilar zamonaviy eng so‘ngi turdagi texnologiyalar bilan ta’minlangan. Bu yerda olgan bilim va ko‘nikmalarimni harbiy qismdagi safdoshlarimga o‘rgataman. Kelgusida bugungi olgan bilimlarimni Vatanim ravnaqi yo‘lida safarbar etishga va’da beraman.

“Axborot texnologiyalari va tizimlari”

– O‘quv jarayonlari juda sifatli tashkillashtirilgan. Zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan o‘quv sinflarida safdoshlarim bilan soha mutaxassislari tomonidan berilayotgan barcha mavzularni to‘liq o‘zlashtirishga bel bog‘laganmiz, – deydi kichik serjant Shuhrat Maxmudov. – Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida mavjud aloqa vositalarini to‘liqligicha o‘rganib chiqmoqdamiz. Aksariyat texnikalarning yangilangan variantlari keltirilganligi va biz birinchilardan bo‘lib ularni o‘rganishimiz menga faxr va g‘urur tuyg‘usini berish bilan bir qatorda, mas’uliyat ham yuklamoqda. Bunday zamonaviy uskunalarda ishlash va o‘rganish imkoniyatini berganligi uchun mas’ullarimizga minnatdorlik bildiraman.

“Axborotlarni kriptografik himoyalash va kiberxavfsizlik”

– Markazdagi har bir xona aynan o‘sha sikl bo‘yicha eng so‘ngi texnologiyalar bilan jihozlangan. Bunday qurilmalar bilan tinglovchilarga mashg‘ulotlarni o‘tkazish bir muncha qulaylikni tug‘diradi. Bundan ko‘zlangan maqsad, qo‘shinlarda maxfiy aloqani tashkillashtirish va ta’minlash bo‘yicha kerakli bilimlarni berib bormoqdamiz. Va aksincha, dushman tomonidan kelayotgan har qanday ko‘rinishdagi ma’lumotlarni topish, sozlanish va o‘girish kabi ko‘nikma va bilimlarni mukammal darajada o‘rgatib kelmoqdamiz, – deydi sikl katta o‘qituvchisi kapitan Bobur Dadilov. – Tinglovchilar bizdan olgan yangi ma’lumotlarni qo‘shinlarda targ‘ib etib, aloqa sohasini yuqori pog‘onalarga ko‘tarib, Vatanimiz osoyishtaligiga o‘z hissasini qo‘shadi. Oldin aynan mutaxassislikka mo‘ljallangan tayyorgarlik jarayonlari o‘quv qo‘llanmalar orqali o‘rganilardi. Ushbu markazning tashkil etilishi juda katta yutuqlarimizning debochasi bo‘ldi desam xato bo‘lmaydi. Bunday ixtisoslashgan xonalarda mashg‘ulotlarni olib borilishi, tez orada ijobiy natijasini beradi.

Markazda Mudofaa vazirligida xizmat qilayotgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar va serjantlar tarkibining aloqa va axborot texnologiyalari mutaxassislari ta’lim oladi. Nomzodlar ro‘yxati o‘quv kurslari boshlanishidan bir oy oldin shakllantiriladi.Aloqa bo‘linmalari tarkibidan mutaxassislarni saralab olishda bevosita guruh, vzvod, qism aloqa xizmati boshlig‘i va harbiy qism komandirining tavsiyasi inobatga olinadi hamda asosiy e’tibor harbiy xizmatchining intelektual salohiyatiga qaratiladi.

– Milliy armiyamiz saflarini zamonaviy bilim va yuqori malakaga, mustahkam irodaga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar bilan to‘ldirib borishda ushbu yangi markazning roli ahamiyatli deb o‘ylayman, – deydi markaz boshlig‘i podpolkovnik G‘anijon Qurbonov. – Sababi, markazimiz aloqa va axborotlashtirish bo‘linmalari mutaxassislarining salohiyatini oshiribgina qolmasdan, ularda kasbiy mahorat va ko‘nikmalarni ham shakllantiradi.Kurs mobaynida tinglovchilarning bilimitegishli tartib asosida baholab boriladi. Nizomga muvofiq Aloqa va axborot texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash markazini bitirgan harbiy xizmatchilarqo‘shinlarda “Yo‘riqchi” lavozimlariga tavsiya etiladi. Shuningdek, oddiy askar va serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar xizmat mavqeida ko‘tarilishi va navbatdagi harbiy unvon berilishida ushbu markazda tahsil olgani hisobga olinishi ham nizomda belgilab o‘tilgan.

Markazning asosiy vazifalari aloqa va axborot texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash, milliy va xalqaro ta’lim standartlari asosida ta’lim jarayonida innovatsion va ilmiy pedagogik texnologiyalarni, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qo‘llash, mutaxassislarning yuqori jangovar, ahloqiy-ruhiy va vatanparvarlik sifatlarini, murakkab jangovar vaziyatlarda tez va oqilona qarorlar qabul qilish qobiliyatini shakllantirishdan iborat.

Sherzod ShARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti