Gripp va oʻtkir respirator kasalliklardan himoyalanish choralari

0
1556

Kuz-qish masumida havo haroratining pasayib borishi natijasida koʻpchilikda xalq tilida “shamollash”, yaʼni kasalliklar oʻtkir respirator kasalliklari, shu jumladan gripp koʻpayadi.

Shu sababli Fargʻona sanitariya-epidemiologiya nazorati boʻlimi boshligʻi tibbiy xizmat podpolkovnigi R.Egamovga bir necha savol bilan murojaat qildik.

Oʻtkir respirator kasalliklar nima?

Ushbu kasalliklar asosan havo-tomchi yoʻli bilan yuqadigan hamda birinchi navbatda nafas yoʻllarini zararlaydigan yuqumli kasalliklar hisoblanib, isitma, tumov, yoʻtal va tomoqda ogʻriq kabi belgilar bilan kechadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchilari asosan viruslar boʻlib, baʼzan bakteriyalar ham boʻlishi mumkin. Ushbu yuqumli kasalliklardan eng xavflisi — bu gripp.

Gripp qanday kasallik?

Gripp – viruslar keltirib chiqaradigan oʻtkir yuqumli kasallik boʻlib, tananing umumiy zaharlanishi, nafas aʼzolarining, asosan yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishi bilan kechadigan kasallik hisoblanadi. Kasallik baʼzi hollarda epidemiya koʻrinishida tus olib, har yili millionlab odamlarni shikastlaydi.

Gripp sogʻlom odamga qanday yuqadi?

Gripp sogʻlom odamga bemor aksirganda, yoʻtalganda, gapirganda, oʻpishganda va u foydalangan buyumlarni ishlatganda yuqadi. Viruslar havo orqali 2-3 metr masofagacha tarqaladi. Havoda soʻlak tomchilari hayot faoliyatini 4-5 soat davomida saqlab qoladi. Buyumlar yuzasida esa 3-4 kungacha yashab qolishi mumkin.

Gripp kasalligining yashirin davri mavjudmi?

Gripp kasalligining yashirin davri juda qisqa boʻlib, bir necha soatdan 1-2 kungacha davom etadi. Yashirin davrning davomiyligi inson organizmiga tushgan viruslar miqdori, immun tizimining shu vaqtdagi holati va boshqa shu kabi bir necha omillarga bogʻliq.

Kasallik boshlanayotganligini qanday belgilari bor?

Kasallikning boshlanishida bemorning kayfiyati yomonlashadi, et uvishishi, umumiy holsizlik, tanasida, shuningdek qoʻl va oyoqlarida zirqirab ogʻriq paydo boʻladi. Tana harorati koʻtariladi, bosh ogʻrigʻi va yoʻtal bezovta qiladi. Baʼzi hollarda esa, kasallikning birinchi soatlaridan boshlab, qaltirash, isitmaning koʻtarilishi, bosh ogʻrigʻi, aylanishi, koʻngil aynishi, qusish, koʻz olmasining ogʻrishi, yorugʻlikka qaray olmaslik, terlash kabi belgilar ham paydo boʻladi. Isitma 39-40 darajaga koʻtarilishi mumkin.

Kasallikning belgisiz shakllari ham uchraydimi?

Albatta, grippning klinik belgilari kam ifodalangan yoki umuman sogʻlom shakldagi kasallikni oʻtkazish holatlari ham mavjud. Baʼzan gripp yengil shaklda oʻtadi, tana haroratining koʻtarilishi, lohaslik, keyinroq esa yoʻtal va tumov belgilari namoyon boʻla boshlaydi. Ayrim bemorlarda kasallik faqatgina bir oz bosh ogʻrigʻi bilan kechib, tana harorati meʼyorida boʻladi, shamollash belgilari boʻlmaydi. Lekin bu bemorlar ham maʼlum muddat boshqalarga virus tarqatib turishadi.

Grippning qanday asoratlari mavjud?

Eng xavfli asosratlaridan oʻpka toʻqimalarining yalligʻlanishi – pnevmoniya, miya pardalarining yalligʻlanishi – meningit, meningoensefalit, quloq, burun boʻshliqlari, buyrak toʻqimalarining yalligʻlanishi kabi asoratlarning yuzaga kelishi bilan xavflidir. Shuningdek, oʻpka sili, revmatizm va boshqa kasalliklarning qaytalanishiga sabab boʻladi.

Grippga qarshi emlashning qanchalik samarasi bor?

Yuqumli kasalliklarga qarshi eng yaxshi profilaktika bu – emlashdir. Vaksina grippning ushbu mavsumda eng koʻp uchrashi kutilayotgan va eng xavfli hisoblanayotgan 3-4 ta shtammiga qarshi qaratilgan boʻlib, emlash ushbu shtammlar bilan organizm toʻqnash kelganida kasallikdan himoyalashga qaratiladi. Mudofaa vazirligi tizimida ham mavsumiy grippga qarshi emlash ishlari ham olib borilmoqda. Oʻrganilgan statistik maʼlumotlarga koʻra, emlanmagan jamoalarda emlangan jamoalarga nisbatan 3-4 barovar koʻp kasallanish holatlari, shuningdek asoratlar qayd etilgan.

Gripp kasalligi profilaktikasi yuzasidan nimalar tavsiya qilinadi?

Gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalar bilan kurashishda kasallikni erta aniqlash, erta tashxis qoʻyish va jamoadan alohidalash muhim oʻrin kasb etadi.

Odam oʻzini va atrofdagilarni kasallikdan himoya qilish uchun:

  • oʻtkir shamollash belgilari paydo boʻlganda mustaqil turli dori vositalarini qabul qilmasdan zudlik bilan shifokorga murojaat qilish;
  • yoʻtalganda va aksirganda ogʻiz va burunni toza dastroʻmol bilan berkitish;
  • bemorlar bilan yonma-yon oʻtirmaslik va yaqindan gaplashmaslik;
  • jamoat joylarida niqobda boʻlish;
  • koʻchadan kirganda va ovqatlanishdan oldin qoʻllari sovunlab yuvish;
  • piyoz va sarimsoq piyoz kabi kabi fitonsidlarni isteʼmol qilish;
  • tanasini sovqotishdan saqlashi, ayniqsa, kiyim-kechaklarni va oyoqni quruq, issiq tutish;
  • mavsum oldidan grippga qarshi profilaktik emlash olish zarurdir.

Harbiy jamoalarda esa, yuqorida qayd qilib oʻtilganlardan tashqari quyidagi chora-tadbirlarga rioya qilish muhim hisoblanadi:

  • askarlar yotoqxonalari uxlash xonalarida uyqudan oldin va keyin, mashgʻulot oʻtish xonalarida mashgʻulotlardan oldin va ular orasida (tanaffuslarda) xonalarni shamolatish;
  • pol, deraza tokchalari, isitish batareyalarini va mebellarni nam usulida artish;
  • yopiq xonalarda oʻtkaziladigan tadbirlarni (yigʻinlarni) kamaytirish;
  • shaxsiy tarkibni texnikada tashishda, hammomda yuvingandan keyin, qorovullik xizmatida va dala sharoiti mashgʻulotlarida sovqotishdan saqlash;
  • yotoqxonalarda quritish xonalari, dala-oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish joylarida isinish punktlarini tashkil qilish;
  • savdo, oziq-ovqat tarmoqlarida, davolash-profilaktika muassasalarida niqob taqishni tashkil etish;
  • shaxsiy tarkibni niqob taqib yurishini nazoratga olish;
  • harorati koʻtarilganlarni tezda alohidalash va mutaxassis koʻrigiga olib borish;
  • organizmni chiniqtirishga, badantarbiya bilan muntazam ravishda shugʻullanishga, toza havoda sayr qilish va toza havodagi ertalabki badan tarbiyaga alohida katta eʼtibor qaratish.

Yuqorida koʻrsatib oʻtitlgan maslahatlar toʻla-toʻkis amalga oshirilsa, gripp va oʻtkir respirator infeksiyalarni shaxsiy tarkib orasida tarqalishini oldini olgan boʻlamiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti