Nukus garnizonida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha targʻibot tadbiri oʻtkazildi

0
916

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda huquqni muhofaza etuvchi organ xodimlari ishtirokida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Biz korrupsiyaga qarshimiz!” mavzusida targʻibot-tashviqot tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, korrupsiya — bu har bir jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini izdan chiqaruvchi eng xavfli jinoyatdir. Unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻlmish aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatimizda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish eng dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda bu illatning oldini olish maqsadida qonunchilikda qabul qilingan huquqiy-normativ hujjatlar va ularning ahamiyati haqida harbiy xizmatchilarga batafsil maʼlumotlar yetkazildi. Pora olish, berish va bunda vositachilik qilish, boshqa korrupsion holatlarda qonunchilikda belgilangan jazo haqida tushuntirishlar berildi.

Harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar Umumharbiy nizom qoidalari doirasida amalga oshirilishi, harbiy mulk va qurol-aslahaga nisbatan masʼuliyatni yuksaltirish, harbiy burch va qasamyodiga sadoqat hissini yanada rivojlantirish – korrupsiyaning oldini olishda katta samara berishi taʼkidlandi.

Shuningdek, tadbir davomida qishning sovuq kunlarida xonadonlarni elektr va gazda ishlovchi vositalar yordamida isitishda ehtiyot choralarini koʻrish, is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish borasida zarur maʼlumotlar berildi.

Targʻibot tadbiri soʻngida koʻrib chiqilgan mavzular yuzasidan video lavhalar namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati