Mudofaa vazirligining eng ilg‘or hamshiralari Nukusda kutib olindi

0
684

Kecha, 27 oktyabr kuni tongda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi miqyosida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Eng ilg‘or hamshira” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlarida g‘alaba qozongan ishtirokchilar finalda bellashish uchun Nukus temir yo‘l vokzalida tantana bilan kutib olindi.
Nukus garnizoni harbiy orkestri sadolari ostida vokzalga poyezdda yetib kelgan mehmonlarni qoraqalpoqona lutf va milliy urf-odatlarga ko‘ra Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug mas’ul ofitserlari hamda Nukus harbiy gospitali rahbariyati non va tuz bilan qarshi oldi.
Bir necha soat poyezdda yo‘l bosib, charchab kelgan tanlov ishtirokchilari va ular bilan birga kelgan jamoa a’zolari va yaqinlari iliq va samimiy mehmondorchilikdan mamnun bo‘ldi.

Shundan keyin ishtirokchilar uchun “Sahrodagi luvr” nomi bilan butun dunyoda nom qozongan va Qoraqalpog‘iston Respublikasining faxriga aylangan I.V.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyiga ekskursiya tashkil etildi. Nukus shahridagi birinchi kuni sermazmun o‘tganidan ruhlangan mehmonlar sayohatdan olam-olam taassurotlar bilan qaytishdi.
Eslatib o‘tamiz, bu yilda Nukus shahri birinchi marotaba ushbu tanlovning final bosqichiga mezbonlik qilmoqda. Bunga qadar tanlovning yakuniy bosqichi faqat Toshkent shahrida o‘tkazib kelingan. “Oq xalatli malikalar”ning yakuniy bahsi Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida, shu yilning 29 oktyabr sanasida o‘tkaziladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati