Markaziy harbiy okrugda armiya o‘yinlari musobaqalari o’z yakuniga yetdi

0
2021

Markaziy harbiy okrug “Forish” tog‘ poligonida “Men g‘olib” shiori ostida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan armiya o‘yinlarining “Dala oshxonasi” hamda “Qurolsoz usta” musobaqalari o’z yakuniga yetdi.

Joriy yilning 28-noyabridan 2-dekabriga qadar bo‘lib o‘tgan ushbu musobaqalar davomida beshta harbiy okrug hamda Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligidan tashrif buyurgan jamoalar ham kuch, ham sabr-bardosh va iroda, oshpazlik mahorati bo‘yicha o‘zaro bahs olib borishdi. Ishtirokchilar har bir shartni o’z maromida bajarib, g’oliblik uchun astoydil harakat qilishdi.

Har ikki musobaqa davomida jamoalar oxirgi bosqichgacha bir biriga kuchlarini boy berishmay keldi. Biroq musobaqa o’z nomi bilan musobaqa va unda eng kuchlilargina shohsupaning yuqori pog’onasidan joy olishadi. Shunday qilib yakuniy natijalarga ko’ra “Dala oshxonasi” musobaqasida umumjamoa hisobida faxrli birinchi o’rinni bir yo’la ikki jamoa Markaziy harbiy okrug hamda Toshkent harbiy okrugi jamoalari qo’lga kiritdi. Keyingi natijalar esa quyidagicha ko’rinish oldi:

  • 2-o’rin — Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugi hamda Sharqiy harbiy okrug jamoalari;
  • 3-o’rin — Shimoli-g’arbig harbiy okrugi va Toifalangan obyektlarni qo’riqlash qo’shinlari qo’mondonligi jamoalari.

“Qurolsoz usta” musobaqasida faxrli 1-o’rinni Markaziy harbiy okrug jamoasi qo’lga kiritdi. Keyingi o’rinlar esa quyidagicha:

  • 2-o’rin — Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugi hamda Toshkent harbiy okrugi;
  • 3-o’rin — Sharqiy harbiy okrug hamda Shimoli-g’arbiy harbiy okrugi jamoalari.

Shu bilan birgalikda musobaqa davomida yuqori natijalarni qayd etgan jamoa a’zolari turli nominatsiyalar bo’yicha g’olib deya topildi. Musobaqaning yopilish marosimida g’olib va sovrindorlar kubok, diplom hamda qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, Markaziy harbiy okrug “Sazagan” paligonida Mudofaa vazirligi qo’shinlarida “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazib kelinayotgan armiya o‘yinlarining “Xavfsiz muhit” musobaqasi ham o’z yakuniga yetdi.

Musobaqaning har bir shartida jamoalar bor kuch va shijoatlarini ishga solib, g‘oliblik uchun astoydil harakat qilishdi. Jamoalar musobaqalarga kuchli tayyorgarlik olib borganligi har bir shartlarda namoyon bo‘lib bordi. Ushbu musobaqaning yakuniy natijalari quyidagicha ko’rinish oldi:

  • 1-o’rin — Markaziy harbiy okrugi;
  • 2-o’rin — Sharqiy harbiy okrugi;
  • 3-o’rin — Toshkent harbiy okrugi hamda Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugi terma jamoalari qo’lga kiritdi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti