Oila – tengi yoʻq ulugʻ saodat

0
585

Toshkent shahridagi harbiy qismlardan birida oilaga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari hamda harbiy xizmatchi ayollar ishtirok etgan tadbirda oila nufuzini asrash, farzandlar kamoliga eʼtibor, oʻzaro hurmat, sabr va sadoqat, mehr va muhabbat tuygʻularining bardavomligi borasida soʻz bordi.
Tadbirda soʻz olgan Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi oilalar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Jahongir Qalandarov, Mudofaa vazirligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassis Zulfiya Mansurova, Toshkent viloyati Qibray tumani “Toʻqaytepa” masjidi imom xatibi Saʼddullo Mamadaliyev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qibray tuman boʻlinmasi targʻibotchisi Muhabbat Abdullayev oila shaʼni va uni asrash haqida toʻxtalib oʻtishdi.

Shuningdek, oilada ayolning oʻrni, tadbirkorligi, sabru qanoati, oʻgʻil-qizlar tarbiyasida fidoyi boʻlmogʻi borasida soʻz yuritildi.
Tadbir davomida Zulfiya Mansurova tomonidan oʻtkazilgan oʻziga xos trening, yaʼni oila bilan bogʻliq savol-javoblar qiziqarli kechdi. Treningda faol ishtirok etgan bir qator harbiy oila bekalariga sovgʻalar taqdim etildi.

Zulfiya YUNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti