Odamning immunitet tanqisligi virusidan ehtiyot boʻling!

0
945

Oʻtgan davr mobaynida koronavirus infeksiyasining pandemiyasi insoniyat uchun yuqumli kasalliklar xavfi doimo mavjudligini yana bir bor eslatib qoʻydi. Pandemiya davrida ham odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) infeksiyasi bilan kasallanishi oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Chunki OIV infeksiyasini yuqtirgan odamda immun tizimining kuchsizlanib borishi, koronavirus infeksiyasini ogʻirroq kechishi va noxush holatlarning koʻpayishiga olib kelishi mumkinligi, ongli insonlarning havotiriga asosli ravishda sabab boʻlmoqda.

OIV infeksiyasi nima uchun xavfli?

OIV infeksiyasining insoniyat uchun xavfliligining eng asosiy sababi – ushbu kasallikning asosiy nishoni har bir davlatning kelajagi, jismoniy va aqliy salohiyati, jamiyatning asosini tashkil etuvchi yoshlar ekanligidir.

Hayotiy tajribasi kam boʻlgan yoshlarning OIV/OITS kasalligi haqida yetarli maʼlumotga ega emasligi — ushbu kasallik bilan bogʻliq boʻlgan ogʻir asoratlarga olib kelishi, dunyo, shu jumladan, respublikamiz miqyosida kasallikning tez surʼatlarda tarqalishiga zamin yaratadi. Bu borada Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibining ham asosiy qismini yoshlar tashkil etishi oldimizdagi masʼuliyatni yanada oshiradi.

Bugungi kunda sayyoramizda 39 millionga yaqin inson OIV/OITS dan aziyat chekmoqda. Ularning orasida ayollar va bolalar ham borligi ayanchlidir.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va UNAIDS tashkilotining (BMT OITSga qarshi kurashish dasturi) bergan maʼlumotlariga koʻra, har soatda dunyo boʻyicha 308 nafar va bir kunda 7400 ga yaqin kishi OIV infeksiyasini yuqtirishi hamda 5500 nafar odam ushbu kasallikdan vafot etishi bayon etildi.

Inson salomatligi va hayotiga jiddiy tahdid tugʻdirayotgan bu muammoning oldini olishda oʻzaro hamkorlik va hamjihatlik muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shunday aloqalarni mustahkamlash, ogohlik va hushyorlikni oshirish maqsadida sayyoramizda 1-dekabr – Butun jahon OITSga qarshi kurash kuni deb belgilangan.

OIV va OITS tushunchalari

OIV infeksiyasi – asosan inson organizmiga virus tushishi, ammo kasallik alomatlari hali namoyon boʻlmagan davr. Inson virus tashuvchi hisoblanadi.

OITS – orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi yaʼni kasallikning soʻnggi bosqichi. Bu davrda inson organizmi har qanday kasallikka bardosh berish xususiyatini yoʻqotadi.

OIV infeksiyasining OITSdan farqi nimada?

OIV infeksiyasida odam organizmiga tushgan virus taʼsiriga immunitet tizimi maʼlum darajada javob qaytaradi, lekin kasallik alomatlari deyarli boʻlmaydi. Uni faqat laboratoriya tekshirishlarida aniqlanadi. Virus bilan organizm oʻrtasidagi kurash uzoq davom etadi va virusning gʻalabasi bilan yakunlanadi.

Virusning organizm ustidan gʻalabasi boshlangandan keyin OITS davri boshlangan boʻladi. Infeksiya yuqqan dastlabki davrlarda odam oʻzini sogʻlom his etishi mumkin. Bunday holat hech qanday alomatlarsiz 8-10 yilgacha choʻzilishi mumkin. Bu davrda odam sogʻlomdek koʻrinsada, oʻzi bilmagan holda kasallik virusini boshqalarga yuqtirishi mumkin.

Virus inson organizmiga qanday yoʻllar bilan tushadi:

  • qon orqali,
  • jinsiy aloqa orqali,
  • infeksiya yuqqan onadan homilaga.

Virus qon orqali yuqishi quyidagi hollarda roʻy berishi mumkin:

  • tomir orqali giyohvand modda oluvchilarda umumiy shpris va igna ishlatganda;
  • teri qoplami butunligini buzib bajariladigan muolajalar orqali;
  • virus bilan zararlangan qon quyilganida;
  • sterillanmagan tibbiyot anjomlari ishlatilganda.

OIV infeksiyasini davosi bormi?

Bu savolga hozirgi kunda ham dunyo olimlari tomonidan oʻtkazilgan izlanishlarga qaramasdan javob topilgani yoʻq. Infeksiya aniqlanganda virusning koʻpayishini oldini oluvchi dori vositalari mavjud va ular virusni koʻpayish tezligini kamaytirib, bemorning hayotini bir necha oʻn yilga qadar choʻzib turishga xizmat qiladi.

Infeksiya yuqmasligi uchun nimalar qilish kerak?

Dardni davolagandan koʻra, oldini olgan maʼqul. Ushbu aqidaga amal qilgan holda avvalo odob va axloq chegarasidan chiqmaslik zarur. Bundan tashqari OIV bilan kasallanishning oldini olish uchun quyidagilarga amal qilish kerak:

  • bir martalik ishlatiladigan shpris va ignadan foydalanish;
  • sterillangan tibbiyot asbob-anjomlaridan foydalanish;
  • quyiladigan donor qoni doimo OIVga tekshirilgan boʻlishi shart;
  • oʻz oilasiga sodiq qolishi, jinsiy hamroh doimiy boʻlishi;
  • teri qoplamlariga ishlov berishda (manikyur, pedikyur, yuz terisini tozalash va boshqa kosmetik xizmatlar) sterillangan yoki bir martalik ishlatiladigan asbob va uskunalardan foydalanish;
  • sartarosh xizmatiga murojaat qilganda bir martalik ishlatiladigan ustaralardan foydalanishga alohida eʼtibor qaratish;
  • shaxsiy (individual) tish yuvish choʻtkasi va soqol olish ustarasidan foydalanish;
  • oʻgʻil bolalarni xatna qildirishni faqatgina mutaxassis shifokor tomonidan shifoxonada amalga oshirishni taʼminlash;
  • igna bilan davolanish muolajalarini olayotganda ignaning sterilizatsiyadan oʻtkazilganligiga toʻliq ishonch hosil qilish;
  • umumiy ovqatlanish obyektlarida (restoran, choyxona, oshxona, qahvaxona va toʻyxona) har biri alohida oʻralgan (qadoqlangan) tish kovlagichlardan faqat bir marta foydalanish.

Afsuski, hozirgi kunda OIV/OITS kasalligini oldini oladigan vaksina ishlab chiqilmagan. Shuning uchun shaxsiy profilaktikaning ahamiyati katta.

Global miqyosda davom etayotgan bu muammo bizning mamlakatimizni ham chetlab oʻtmayapti. Shu bois, yurtimizda maʼnaviy qadriyatlarimizga zid, kelajak avlodlar salomatligiga jiddiy rahna soladigan bunday illatlarga qarshi kurashish va inson salomatligini asrashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018-yil 22-iyunda imzolangan “Odamning imunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona infeksiyalarini profilaktika qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 3800 – sonli Qaror ijrosi asosida Oʻzbekistonda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish Davlat dasturi tasdiqlangan. Dasturda yoshlarimizning tibbiy koʻnikmalarini oshirish, milliy qadriyatlarimiz va xalqimiz mentalitetiga yot illatlarning oldini olishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. OIV infeksiyasining tarqalishi sabablari va sharoitlarini hududlar boʻyicha muntazam tahlil etish, milliy anʼana va maʼnaviy-ahloqiy asoslarni inobatga olgan holda aholining keng qatlamlari orasida mazkur kasallik tarqalishining oldini olish boʻyicha majmuaviy chora-tadbirlar olib borilmoqda.    

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tibbiyot xodimlari tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini OIV/OITSdan himoyalash, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va kasallikni diagnostikasi borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, hozirgi kunda yurtimizda OIV infeksiyasi profilaktikasi va davolash ishlarini olib borish uchun Mudofaa vazirligi sanitariya epidemiologiya nazorati markazi, Markaziy harbiy klinik gospitali, Respublika OITSga qarshi kurash markazi, uning hududiy tuzilmalari, diagnostika laboratoriyalari, ishonch xonalari va doʻstona maslahat xonalari ham faoliyat yuritmoqda. Bunday shifo maskanlarining aksariyati aholi qatnashi va maslahat olishi uchun qulay joylarda joylashgan.

Kasallikni diagnostika jarayonida polimer zanjirli reaksiya usullaridan va vositalaridan samarali foydalanilayotganligi kasallikka erta va aniq tashhis qoʻyish, uning asoratlarini kamaytirish va inson umrini uzaytirishga xizmat qilmoqda.

Olib borilayotgan targʻibot-tashviqot ishlari oʻz samarasini bermoqda. Yangi hayot qurish arafasida turgan kelin-kuyovlar toʻydan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtmoqda. Aholi oʻrtasida oʻz salomatligini nazorat qilishga qiziqish kuchaymoqda.

Sir emaski, tibbiy koʻrik jarayonida OIV infeksiyasi bilan xastalangan bemorlar ham uchrab turadi. Ularga oʻz vaqtida tibbiy-ijtimoiy, psixologik yordam koʻrsatish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Bu jarayonda jahon tibbiyotining eng ilgʻor usuli – antiretrovirus terapiyadan samarali foydalanilmoqda. Bu davolash usuli inson umrini uzaytirish, ayniqsa, OIV infeksiyasi bilan xastalangan onadan bolaga virus yuqishining oldini olish, xastalik tarqalishiga qarshi kurashda yaxshi samara bermoqda. Shunga qaramasdan, baʼzilar oʻzida xastalik alomatlari borligini bilsa ham shifokorga murojaat qilmaydi va kasalligini yashirish holatlari xam kuzatiladi.

Aksariyat bemorlar kasallikni klinik belgilari yuzaga chiqqanidan keyingina shifokorga boradi. Bunday bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish va umrini uzaytirish imkoniyati ancha kamayadi. Ayniqsa, homilador ona oʻz sogʻligʻiga befarq boʻlsa, bolasining taqdirini ham xavf ostida qoldiradi. Aksincha, tibbiy koʻrikka qancha erta murojaat qilinsa, bolaga OIV infeksiyasi yuqishining oldini olish mumkin.

OIV infeksiyasi profilaktikasiga yoʻnaltirilgan mablagʻ uni davolashga ketadigan xarajatdan bir necha barobar koʻp samara beradi. Bunday vazifalarni hayotga tadbiq etish maqsadida mamlakatimizda ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasida belgilangan tadbirlarda davlat idoralari bilan bir qatorda jamoat birlashmalari, xalqaro tashkilotlar, keng aholining faol ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday tadbirlarning barchasi inson hayotini asrash, xalqimizning salomatligini muhofazalash, kelajak avlodlarni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalashga yoʻnaltirilgan.

Mudofaa vazirligi SENM qoʻshinlarni biologik xavfsizligini taʼminlash boʻlimi OITS va gemokontakt infeksiyalariga qarshi kurashish boʻlinmasi